So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari rivojlandi. Do‘stlik va strategik sheriklik doirasida ko‘plab ikki tomonlama manfaatli shartnomalar tuzilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Italiya davlatiga rasmiy tashrifi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tardi.
Bugun, 15 iyun kuni Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida Italiya Sudyalar oliy maktabi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi munosabati bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumini imzolashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi vakillari, Italiya Sudyalar oliy maktabi mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Imzolangan hujjatda taraflar ilmiy-pedagogik rivojlanishga ko‘maklashish maqsadida umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi belgilab berilgan.
Kelishuvga muvofiq, bir nechta yo‘nalishlarda sheriklikni rivojlantirish maqsad qilingan. Xususan, hamkorlikda ta’lim va ilmiy dasturlar amalga oshirish, jumladan, taraflar vakillaridan iborat ilmiy guruhlarni tashkil qilish, o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish va uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda, shuningdek, memorandum mazmuni batafsil tushuntirildi. Ikki tomon ilmiy va ta’lim faoliyati rejasi hamda ilmiy-tadqiqot natijalari to‘g‘risida axborot almashish zarurligi ta’kidlandi. Xalqaro tashkilot vakillari O‘zbekistondagi sud-huquq sohasi isloh etilayotganini alohida e’tirof etdi.
Muloqot davomida Italiya tomoni O‘zbekistonga tashrifi tafsiloti, o‘tkazilgan uchrashuvlar, sudyalar faoliyati bilan tanishish jarayoni xususida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida sud-huquq sohasi faoliyati va yutuqlarini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar tashkil etishga kelishib olindi.
Ikki tomon ham darsliklar, ilmiy, axborot va uslubiy materiallarni tayyorlash, nashr etishda hamkorlik qiladigan bo‘ldi. Eng muhimi, qonun ustuvorligini mustahkamlash, odil sudlov samaradorligini oshirish, qonunchilikni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida kadrlar malakasini uzluksiz oshirib borish taklifi ma’qullandi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Sudyalar oliy maktabining ikki nafar ayol vakilini tantanali ravishda sudyalik lavozimiga tayinlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ular Italiya Sudyalar oliy maktabi vakillari tomonidan taqdirlandi.
Behruz Xudoyberdiyev, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA