Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali (vacancy.argos.uz)ga bugungi kunda 68 davlat organi va tashkilotlari hamda 208 tuman (shahar) hokimliklari, ularning hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari ulangan.
Ushbu platforma orqali davlat organlari va tashkilotlari tomonidan vakant lavozimlar uchun 155 ming 700 tanlov e’lon qilingan bo‘lib, ularda 1,5 milliondan ziyod nomzod ishtirok etdi. Ishtirokchilarning 48 ming 149 nafari tanlov g‘olibi sifatida bo‘sh lavozimlarni egalladi.
– Joriy yilning 14 iyun kuni holatiga vacancy.argos.uz portalida davlat organlari va tashkilotlaridagi 386 tadan ortiq bo‘sh ish o‘rinlariga ochiq tanlov e’lon qilindi, – deydi agentlik matbuot xizmati rahbari Sevara Zokirova. – Davlat organi yoki tashkilotida vakant lavozim vujudga kelganda ushbu vakansiya Yagona milliy mehnat tizimiga, ya’ni my.mehnat.uz portaliga kiritiladi.
Mazkur portal vacancy.argos.uz platformasiga integratsiya qilingan bo‘lib, vakant lavozim vakansiyalar yagona ochiq portalida avtomatik tarzda ko‘rinadi.
Tashkilot kadrlar bo‘linmasi ushbu vakant lavozimning yo‘riqnomasi, ya’ni mazkur lavozimga yuklatilgan funksiya va vazifalardan kelib chiqqan holda malaka talablarini kiritadi hamda e’lon qiladi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab, vakant lavozimga arizalarni qabul qilish muddati 5 kun etib belgilangan. Bunda tegishli bo‘sh ish o‘rinlari kun davomida e’lon qilish uchun tayyorlanadi. Tanlov e’lon qilinganidan keyin nomzodlar faqatgina soat 23.59 dan so‘ng, ya’ni bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilingan kunning ertasi kunidan ariza yuborishi mumkin.
Tanlovlar uch bosqichda o‘tkaziladi: nomzodlarning arizalarini tegishli malaka talablari bo‘yicha o‘rganish, test sinovi va suhbat.
Tanlovning malaka talablarini o‘rganish bosqichida vakant lavozimlarga qo‘yilgan aniq mezonlar asosida nomzodlar saralab olinadi.
Test sinovi bosqichi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining hududiy filiallarida markazlashgan holda o‘tkaziladi.
Suhbat bosqichi davlat organlari va tashkilotlarida tashkil etilgan tanlov komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi. Ushbu bosqichda Agentlik mas’ul xodimi tanlov komissiyasi a’zosi sifatida ishtirok etmaydi.
N.Abduraimova, O‘zA