Samarqandda 13-14 iyun kunlari Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar ta’lim vazirlarining VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari fan va ta’lim vazirliklari rahbarlari, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi ishtirok etdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarova kirish so‘zi bilan ochdi.
– Turkiy davlat tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi bunday uchrashuvlar 2012 yildan buyon doimiy tarzda o‘tkazib kelinmoqda va katta ahamiyatga ega, – dedi H.Umarova. – Shubhasiz, Turkiy sivilizatsiyaning yuksalishidagi asosiy yo‘nalish ta’lim va ilm-fandir. Bugungi yig‘ilish turkiy davlatlarning ta’lim sohasidagi hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman. Biz maktabgacha ta’limdan to oliy ta’limgacha turkiy davlatlar hamkorligida birgalikda yangi loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilyapmiz.
O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish borasida hamkorlikni kuchaytirish, qardosh maktablar dasturlari batafsil konsepsiyasi va yo‘l xaritasini ishlab chiqish, Tashkilotga a’zo mamlakatlar miqyosida xalqaro Al-Xorazmiy yosh matematiklar olimpiadasini tashkil etish va mazkur olimpiadani kelgusi yil Toshkent shahrida o‘tkazish takliflarini bildirdi. Bu tashabbuslar yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev o‘z so‘zida vazirlar yig‘ilishida taklif etilgan ta’lim sohasida hamkorlikdagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
– Biz kecha va bugungi uchrashuvlar doirasida turkiy davlatlar o‘rtasida maktabgacha, maktab va oliy ta’lim sohalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildik va muhim kelishuvlarga erishdik, – dedi K.Omuraliyev. – Ushbu yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ta’lim vazirliklari maxsus dasturlarni ishlab chiqadi. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro mobillik aloqalarini mustahkamlash, nufuzli olimpiadalar o‘tkazish, startap loyihalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar turkiy xalqlar taraqqiyotiga xizmat qiladi. Hamkorlik aloqalarining rivojlanishi jahon standartlariga mos yetuk mutaxassislar tayyorlashga imkoniyat yaratadi.
Ta’lim vazirlari yig‘ilishida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi Orxun almashinuvi dasturining hozirgi holati, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida tarmoqli universitet ta’sis etish va boshqa masalalar muhokama qilindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (surat), O‘zA