Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 14 iyun kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

“Med city” davolash maskanida o‘tgan учраshuвни nomzodning Andijon viloyati bo‘yicha ishonchli vakili O‘ktamjon Oxunov ochdi. Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Andijon viloyatini har tomonlama rivojlantirish, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, odamlarning turmush sifatini oshirish bo‘yicha erishilgan natijalar e’tirof etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

– Kelgusi yetti yilda mamlakatimiz tuman va shaharlarida 700 ta yangi poliklinika tashkil etiladi. Bu orqali 3 million aholimiz uchun birlamchi tibbiy xizmatlar yanada yaqinlashadi. Shuningdek, birlamchi bo‘g‘indagi barcha oilaviy shifokor punktlari, poliklinika va shifoxonalar ta’mirlanib, filtrlangan ichimlik suvi va issiq suv bilan to‘liq ta’minlanadi. Gemodializ bo‘limlari soni ikki karra ko‘paytirilib, 200 taga yetkaziladi. Bu orqali barcha tuman va shaharlar mazkur xizmat bilan qamrab olinadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Nomzodning ta’kidlashicha, har yili 1 million aholi jigar sirroziga olib keluvchi gepatit “B” va “S” bo‘yicha skriningdan o‘tkaziladi, gepatit “S” ga chalingan bemorlar to‘liq davlat hisobidan davolanadi.

Barcha tuman va shaharlarda xususiy sheriklik asosida MRT va MSKT yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 100 million dollar investitsiya yo‘naltiriladi.

Shavkat Mirziyoyev sertifikati bor oilaviy shifokorlarning oylik ish haqi ikki karra oshirilishini ma’lum qildi.

– Yana bir yangi tashabbus. Endi oilaviy shifokorlarni kafolatlangan tibbiy xizmatlar bo‘yicha qayta tayyorlab, ularga malaka sertifikati beramiz. Sertifikati bor shifokorlarning oylik ish haqi ikki karra oshiriladi.

Xuddi shu tartibni tibbiyotning haqiqiy fidoyilari bo‘lgan hamshiralarimizga ham joriy qilamiz. Tibbiyot xodimlariga ko‘p yillar ishlaganlik uchun to‘lanadigan ustamalar miqdori ham qayta ko‘rib chiqilib, oshiriladi.

Tez tibbiy yordam avtomobil parki kelgusi yetti yilda to‘liq yangilanadi va ularning 50 foizi elektromobillar bilan to‘ldiriladi. Bu orqali, yonilg‘ining o‘zidan yiliga 200 milliard so‘m tejaladi va ushbu mablag‘lar tez tibbiy yordam xizmatlarini rivojlantirishga sarflanadi, – dedi nomzod.

Keyingi yillarda Andijon viloyatida aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi, minglab oila uyli bo‘ldi. Nomzod ushbu ezgu ishlar izchil davom ettirilishini ta’kidladi. Jumladan, Andijonda 2030 yilga qadar 3 mingta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 100 ming oila yangi uy-joyli bo‘ladi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yetti yilda 30 trillion so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2030 yilga qadar 427 ta mahallada 600 ming aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash, 1 million aholining suv ta’minotini yaxshilash belgilangan.

– Andijon, Xonobod va Qorasuv shaharlari, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq, Andijon, Asaka va Oltinko‘l tumanlaridagi 510 ming aholining suv ta’minotini yaxshilash uchun “Xonobod – Andijon” magistral suv quvurining ikkinchi tarmog‘i quriladi. Bunga 35 million dollar investitsiya jalb qilinadi. Umuman, viloyatda markazlashgan ichimlik suvi qamrovini hozirgi 87 foizdan 97 foizga yetkazamiz, – dedi nomzod.

Nomzod andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvda ta’limga oid qilinadigan ishlar xususida ham aytib o‘tdi.

– Kelgusi yillarda bog‘cha yetarli bo‘lmagan 131 ta mahallada 1,5 mingta davlat va xususiy bog‘chalar barpo etiladi, 210 ta bog‘chaning quvvatlari oshiriladi. Natijada, qo‘shimcha 90 ming bolajonlarimiz uchun maktabgacha ta’lim imkoniyatini yaratib, qamrovni 100 foizga yetkazamiz. Kelgusi yetti yilda maktab mavjud bo‘lmagan 25 ta mahallada jami 20 ming o‘rinli yangi maktablar barpo etiladi. Shuningdek, 150 ta maktabda qo‘shimcha o‘quv binolari qurish hisobiga, 80 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

Kelgusi yillarda Andijon davlat universitetida 2 ming o‘rinli, Andijon chet tillari institutida 1 ming o‘rinli, Andijon tibbiyot institutida 1 ming o‘rinli yangi o‘quv binolari barpo etiladi.

Ilmga chanqoq viloyat yoshlari uchun 6 ta yangi oliygoh tashkil etilib, ularda 30 dan ortiq yangi yo‘nalishlar ochiladi. Bular hisobidan oliy ta’limda qamrov hozirgi 30 foizdan 50 foizga yetkaziladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Nomzod uchrashuvda Farg‘ona vodiysi aholisiga qulaylik yaratadigan, “Toshkent – Andijon” muqobil pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha mega-loyiha yil oxirigacha boshlanishini ma’lum qildi.

– Vodiy aholisining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida “Andijon – Farg‘ona – Qo‘qon – Namangan – Andijon” temir yo‘l halqasi bo‘ylab 4 ta elektropoyezdlar harakati yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, kuniga 8 ta qatnov tashkil etilib, 10 mingga yaqin yo‘lovchi tashiladi. Bunga 40 million dollar jalb qilinadi.

Shuningdek, Andijon xalqaro aeroporti zamonaviy standartlar asosida to‘liq ta’mirlanadi va bu ishlarga 350 million dollar yo‘naltiriladi.

Shu yil oxirigacha Jahon banki bilan birga, “Toshkent – Andijon” muqobil pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha 2,5 milliard dollarlik mega-loyiha boshlanadi. Loyihani amalga oshirish natijasida Andijondan Toshkent shahriga borish vaqti hozirgi 5 soatdan 3 soatga qisqaradi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda avtomobilsozlikka oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi va quyidagi fikrlarni bildirdi:

– Bir raqamga e’tibor qiling, Asaka tumanidagi sanoat ishlab chiqarish hajmlari respublikaning 9 ta viloyati sanoatidan yuqori.

Biz avtomobilsozlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha 1 milliard dollar investitsiya kiritamiz. Bu orqali kelgusi ikki yilda avtomobil ishlab chiqarishni hozirgi 300 ming donadan 500 ming donaga olib chiqamiz. 2030 yilga qadar esa yiliga 1 million dona avtomobil ishlab chiqarishga erishamiz. Shuningdek, Asakada 13 ta korxona ishtirokida yirik mashinasozlik klasteri tashkil etilmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvda strategik ahamiyatga ega yirik loyiha xususida to‘xtalib o‘tdi.

– Xabaringiz bor, biz strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy xalqaro temir yo‘l qurish” mega loyihasini boshlayapmiz. Hozirgi kunda loyihaning iqtisodiy asoslari tayyorlandi, yil yakunigacha hamkor davlatlar bilan birga qurilish bo‘yicha amaliy qadamlarni qo‘yamiz. Bu loyiha andijonlik tadbirkorlarning ham uzog‘ini yaqin qilib, Xitoy bilan yuk tashish masofasini 1,2 ming kilometrga, muddatini esa, 10 kungacha qisqartirish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvda yolg‘iz keksalarga oid muhim yangiliklar qilinishi haqida aytib o‘tdi.

– Bugungi kunda yolg‘iz keksalikni rasmiylashtirish uchun bir oy sarflab, 9 ta hujjat yig‘ish hamda hokim qarorini chiqarish talab etiladi. Endi tizim o‘zgarib, bu masalalar mahallaning o‘zida hal qilinadi. Mahallalardagi yolg‘iz keksalarni ijtimoiy xodimlar tomonidan aniqlash tartibi joriy etiladi va barcha talab etiladigan hujjatlarni ularning o‘zi rasmiylashtiradi.

Bundan buyon yolg‘iz keksalikni belgilash uchun hokim qarori talab etilmaydi. Shuningdek, “Saxovat” uylarida yashayotgan otaxon-onaxonlarimiz uchun pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lab beriladi (amalda 20 foiz to‘lanadi)”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga chaqirdi.

Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA