Hindistonning mashhur “WION” telekanali saytida Hindistonning O‘zbekiston bilan madaniy aloqalari to‘g‘risida maqola e’lon qilindi.

Jurnalist Siddxant Sibbal mavzuni respublikamizdagi telekanallardan birida namoyish etilayotgan “Bollywood Battle” musiqiy-ko‘ngilochar loyihasi misolida yoritdi.

“Bollivud haqidagi musiqiy dastur mamlakatda katta shuhrat qozondi, ko‘rsatuv ishtirokchilari mashhur hind qo‘shiqlari ostida sahna ko‘rinishlarini ijro etadi”, – izohlaydi muallif.

Maqolada navbatdagi dastur final bosqichida Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat ishtirok etgani, ushbu ko‘rsatuv madaniyat sohasida hamjihatlikni yanada chuqurlashtirishga yordam berishi qayd etilgan. Elchi o‘zaro mustahkam do‘stlikka urg‘u berib, “O‘zbekiston Hindistonni, Hindiston esa O‘zbekistonni yaxshi ko‘rishini” ta’kidlagan.

Maqolada shuningdek, o‘tgan asr poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan, Raj Kapur, Randxir Kapur, Rishi Kapur va Amitabx Bachchan kabi Bollivud yulduzlari ishtirok etgan mashhur Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari xalqaro kinofestivali tilga olingan.

– Hindiston va O‘zbekiston kino ijodkorlarining birgalikdagi sa’y-harakati, “Alibobo va qirq qaroqchi” kabi filmlar madaniy almashinuvni yanada mustahkamladi, – deb yozadi Siddxant Sibbal. – Umesh Mehra va marhum Latif Fayziyev hamkorligida O‘zbekistonda suratga olingan mazkur asar har ikki xalq kino san’ati tarixida o‘chmas iz qoldirdi. 2021 yil Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklanib, anjumanda Randxir Kapur va Mitxun Chakraborti singari taniqli yulduzlardan iborat Hindiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. O‘zbekistonda hind filmlari suratga olinishi qayta tiklanishi, yangi shaklda tiklangan festival ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p yillik madaniy aloqani yanada rivojlantiradi.

O‘zA