Qaror va ijro

Zargarlik mahsulotlari butun dunyoda talab yuqori bo‘lgan tovarlar sirasiga kiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon zargarlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi yiliga 5-6 foizga o‘smoqda. Tovar aylanmasi 250 milliard dollardan oshayotgani esa sohaning ulkan eksport salohiyatidan dalolat.

Mamlakatimizda zargarlikning ko‘p asrlik an’analarini tiklash, mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqarilishi va samaradorligini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga e’tibor ortmoqda. Aholining yuqori sifatli mahalliy zargarlik buyumlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 dekabrdagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyatga ega.

Mazkur qaror asosida bugungi kunda tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga yillik 14 foiz stavkada, 36 oy muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratib kelinmoqda.

Qaror ijrosi doirasida qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida «Mikrokreditbank» aksiyadorlik-tijorat bankidan ba’zi ma’lumotlarni oldik. Bank axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tizimida ushbu qaror bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Bank moliyaviy ko‘magida tadbirkorlarga zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va bu boradagi faoliyatlarini kengaytirishlari uchun sharoitlar yaratilmoqda.

– Yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga harakat qilmoqdamiz, – deydi tadbirkor Komila Mahmarova. – Joriy yilning mart oyida faoliyatimizni kengaytirish maqsadida “Mikrokreditbank”dan yillik 14 foiz stavkada 3 yil muddatga 85 million so‘m kredit oldik. Bugungi kunda ishlarimiz rivojlanmoqda. Mahalliy bozorga o‘z zargarlik buyumlarimizni chiqarmoqdamiz. Ayni damda sohaning sir-asrorlarini o‘rgatish maqsadida ustoz-shogird an’analarini yo‘lga qo‘yganmiz. Kelgusida yangi ish o‘rinlari yaratamiz. Shuningdek, mahsulotlarimizni eksportga chiqaramiz.

Ish faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida zaruriy texnikalar sotib olish uchun bankdan kredit olgan yana bir tadbirkor Umida Karimova sanaladi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, bugungi kunda ayollarimiz ko‘proq individual zargarlik buyumlari yasatishga va o‘ziga xos dizayndagi zeb-ziynat buyumlariga buyurtma berishga qiziqish bildirishmoqda.

Bank tomonidan mazkur sohani yanada rivojlantirish hamda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida izchil ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

O‘zA