Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Yoshlik bahori” yosh opera ijrochilarining respublika ko‘rik-festivali g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan mazkur san’at maskaniga turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlarning vakillari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning mutasaddilari, talaba-yoshlar, opera muxlislari taklif etildi.
Mamlakatimizda tizimli tarzda o‘tkazilayotgan san’at festivallari, ijodiy tanlovlar Jenisbek Piyazov, Samandar Alimov, Abdulla Shirinov, Rahim Mirzakamolov, Rustam Alimardonov, Ma’suma Boltaboyeva, Barno Ismatullayeva, Shirin Mamatova singari opera sohasida izlanayotgan iste’dod sohiblarini kashf etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ko‘rik-festival yakuniga ko‘ra, erkin ijodkor Damir Rahmonov hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Kamoliddin Muhammadiyev birinchi o‘ringa munosib topildi. Barcha g‘olib va sovrindorlarga diplom va mukofotlar topshirildi.
Opera yulduzlari hamda festival g‘olib va sovrindorlari ishtirokidagi gala-konsertda yurtimiz, jahon kompozitorlarining eng sara asarlaridan namunalar yangradi.