Mamlakatimiz bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston – yoshlari, birlashaylik” shiori ostida “Yoshlar oyligi” katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilmoqda. Mazkur oylik doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida turkum ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, Qorao‘zak tumanida ”Ma’rifat soati” tashkil etildi.

Tadbirda Qorao‘zak tumani hokimi Uzoqbergen Utambetov mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ta’kidladi.

– Respublikada Qorao‘zak yoshlarining alohida o‘rni bor, – dedi tuman hokimi U.Utambetov. – Sababi, yoshlarimiz nufuzli tanlovlarda g‘olib bo‘lib, yurtimiz obro‘iga obro‘ qo‘shmoqda. Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnat bandligini ta’minlash masalasi doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda. Xususan, tumanimizda “Metallurgiya” zavodi ochildi. U yerdagi 100 nafar yoshga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyoz berilgani e’tiborga molikdir.

Tadbirda teatr ustalari tomonidan sahna asari namoyish etilgan bo‘lsa, baxshi va xonandalar milliy ruhdagi qo‘shiqlarni ijro etishdi.

Shundan so‘ng targ‘ibotchilar “Zakovat” intellektual o‘yini hamda shaxmat musobaqasi mehmoni bo‘ldi.

Kunning ikkinchi yarmida “Ma’rifat” targ‘ibotchilari ham tuman yoshlari, ijodkorlar ishtirokida “Uch avlod” uchrashuvini tashkil etdi. Unda xalq sevgan ijodkor, mahoratli aktrisa Hakima Otaxonova sahna asari namoyish etish bilan birga qoraqalpoq yoshlari bilan samimiy muloqot qildi. San’atkor yoshlarimizning bilimga chanqoq ekanligini alohida ta’kidladi.

– Qoraqalpog‘istondek yerlari osmonlarga tutashib ketgan ajoyib va bag‘rikeng diyor odamlarining urf-odatlari, ona tiliga bo‘lgan ehtiromi, so‘zlashish madaniyati va o‘ziga bo‘lgan ishonchi meni hayratlantirdi. Bu — olovqalb yoshlarning bilimli, teran ma’naviyatli ekanligidan dalolatdir, – dedi Hakima Otaxonova.

 

N.Usmonova,  

O‘zA