Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga kelib tushgan murojaatlar va ularning natijalari haqida ma’lumot berildi.
Uyushma matbuot xizmati rahbari Jamshid Shermetovning ta’kidlashicha,
2023 yilning 1-choragida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga jami 21 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari kelib tushgan.
-Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi (pm.gov.uz) orqali 17 ta hamda bevosita uyushmaga 4 ta murojaat yo‘llangan.
Bevosita uyushmaga kelib tushgan murojaatlardan 2 tasi qanoatlantirilgan, 2 tasi esa tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga ijroga yuborilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi (pm.gov.uz) orqali kelib tushgan murojaatlardan 5 tasi qanoatlantirilgan, 2 tasiga tushuntirish berilgan hamda qolgan 10 tasi tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan, -dedi J. Shermetov.
Tahlillarga ko‘ra, ularning aksariyatini uyushma tizimidagi yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishga kirish va tiklash, mutaxasisligi bo‘yicha ishga qabul qilish borasida 8 ta murojaat yoki 47 foiz, ish haqi, moddiy yordam, yeompensatsiyalar kabi ijtimoiy to‘lovlarni undirish bo‘yicha 4 ta murojaat yoki 24 foiz, rahbariyat qabuliga kirish, shikoyatlar kabi masalalar bo‘yicha 5 ta yoki 29 foiz murojaatlar tashkil etadi.
Brifingda ushbu tahlillar asosida Uyushma hamda tarmoq tashkilotlari bilan birgalikda murojaatlarni tizimli o‘rganish, ularni qonuniy hal etish bo‘yicha doimiy chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotgani qayd etildi. Xususan, ijro intizomiga e’tibor qaratdigan bo‘lsak, 2023 yil 1-choragida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga jami 12 ta topshiriq yuklatilgan. Ularning barchasi o‘z muddatlarida bajarilgan.
Shuningdek, 2023 yil 1-choragida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishlarning 1 ta bayonnomasida uyushmaga belgilangan topshiriq va
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari va farmonlarida uyushmaga belgilangan 9 ta topshiriqning barchasi bajarilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, ayni paytda mamlakatimizda jami 10 mingga yaqin qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat ko‘rsatadi. “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tarkibida esa 158 ta korxona mavjud. Qurilish materiallari sohasida 2022 yilda jami 30,7 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Sohada jami 140 mingdan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA