“Tashkent city”dagi “Congress Hall” majmuasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining o‘n birinchi s’ezdi davom etmoqda.
O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qilmoqda.
– Bundan olti-yetti yil oldin, afsuski, o‘n minglab bemorlar gemodializ, onko-gematologiya yordamidan foydalanish uchun kunlab, oylab navbat kutganlari, qanchasi bu xizmatlarga yetib bora olmagani achchiq haqiqat. Yoki eshitish qobiliyati zaif, yurak nuqsoni va irsiy kasalligi bor minglab bolalarga o‘z vaqtida maxsus tibbiy yordam ko‘rsatilmagani ham hech kimga sir emas. Biz tibbiyot sohasida katta islohotlarni boshladik. Buning natijasida vaziyat tubdan o‘zgardi. Endi bunday bemorlar uchun zamonaviy shifoxonalar ham, malakali mutaxassislar va davolash uchun mablag‘imiz ham yetarli, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Lekin, aholimizni tibbiyot tizimidan rozi qilish uchun, hali juda ko‘p ishlarni amalga oshirish kerakligi aytildi. Yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligini hozirgi 73 yoshdan kelgusida 78 yoshga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni ishga solinishi ta’kidlandi.
Buning uchun, 2030 yilga qadar onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish, shuningdek, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yo‘llari va yuqumli kasalliklar bo‘yicha erta o‘limni esa, 2,5 barobar kamaytirish asosiy vazifa bo‘lishi aytildi.
O‘zA