O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga ko‘ra, yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish, ularni talon-toroj qilish holatlarining oldini olish va ularga bardam berish, bu borada davlat nazoratini kuchaytirish orqali qonun talablarini buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilanadi.

Yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqarish, qayta ishlash (qazib olish), uzatish (tashish), saqlash, taqsimlash va iste’mol qilish, ularni miqdor jihatidan saqlash jarayoniga “raqamli energonazorat” tizimi to‘liq joriy etiladi.

Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika, hududiy va tuman (shahar) shtablari  faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Quyidagilar respublika, hududiy va tuman (shahar) shtablarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va talon-toroj qilish holatlarining oldini olish va ularga barham berish choralarini ko‘rish;

yoqilg‘i-energetika sohasidagi qonunchilik hujjatlari, dasturlar hamda loyihalarda belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini muntazam nazorat qilish;

shtablar faoliyati natijalarini muntazam ravishda tanqidiy muhokama qilib borish va ular ishini takomillashtirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rish;

iste’mol qilingan yoqilg‘i-energiya resurslari uchun qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarini majburiy ijro etish yuzasidan kunlik nazorat o‘rnatish;

korrupsiyaviy omillarni muntazam ravishda tahlil qilish asosida ushbu sohani “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Energetika vazirligining Internet tarmog‘idagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

2023 yil 1 sentyabrga qadar qonunlar, shu jumladan yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati tadbirlari hamda ularning natijasi bo‘yicha qo‘llanilgan prokuror nazorati hujjatlarining yagona bazasi yuritiladigan “Prokuror nazorati” axborot tizimi joriy etiladi.

2023 yil 1 sentyabrdan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi tizim to‘liq o‘z faoliyatini boshlaydi.

 

O‘zA