Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Zamonaviy talablar sharoitida pedagogik ta’lim sifati” mavzusidagi “IFTE-2023: Uzbekistan” xalqaro anjumani ish boshladi.
Unda yurtimizdan tashqari, Rossiya, Germaniya, Xitoy, Sloveniya, Ispaniya, Malayziya, Pokiston, Filippin hamda Qozog‘iston mamlakatlaridan pedagog olimlar, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etmoqda.
Anjumanda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Nursultan Qayupov, Yevroosiyo pedagogik universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti, Moskva davlat pedagogika universiteti rektori Aleksey Lubkov, Qozon federal universiteti Psixologiya va ta’lim instituti direktori Aydar Kalimullin, Nukus davlat pedagogika instituti rektori Bayrambay Otemuratov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Bugungi kunda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash nafaqat ta’lim muassasasi, balki xalqaro miqyosda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan barcha ta’lim tizimining vazifasiga aylandi. Bu, albatta, fan va ta’lim yo‘nalishidagi salohiyatimizni birlashtirishni taqozo etadi. Anjumanning asosiy maqsadi ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi olimlar, amaliyotchilar hamda davlat hokimiyati organlari vakillari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim jarayonini takomillashtirish maqsadida milliy hamda xalqaro miqyosda o‘qituvchilarning malakasini oshirish, sohada o‘qituvchilar hamda mutaxassislar tayyorlash sifatini yaxshilash yo‘lida o‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA