Turkiya  Prezidenti Rejep  Tayyip Erdog‘an mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezident saylovining ikkinchi davrasida g‘alabaga erishgandan keyin “Turkiya yuz yilligi” boshlanayotgani haqida bayonot berdi.

28 mayda o‘tkazilgan prezident saylovining ikkinchi davrasida Erdog‘an 52 foizdan ko‘proq ovoz oldi, deya ma’lum qilgandi avvalroq Turkiya Oliy saylov komissiyasi raisi Axmet Yener.

“Turkiyaning buyuk g‘alabasi… ha Turkiyaning yuz yilligi boshlanmoqda!” – deb yozgan Erdog‘an o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Joriy yilda Turkiya Respublikasiga asos solinganiga yuz yil to‘ladi.
Erdog‘anni qator davlatlar rahbarlari allaqachon g‘alaba bilan qutlamoqda.

O‘z navbatida, Turkiya prezidentligiga muxolifat partiyalardan nomzod bo‘lgan Kamol Qilichdoro‘g‘li esa bu galgi ovoz berish jarayoni so‘nggi yillardagi eng adolatsiz ovoz berish jarayoni bo‘lganini ta’kidlab, demokratiya uchun kurashni davom ettirishga va’da berdi.

“Biz so‘nggi yillardagi eng adolatsiz o‘tgan saylov jarayonini boshdan kechirdik”, – deya bayonot bergan Qilichdoro‘g‘li Anqarada tarafdorlari qarshisida chiqish qilganida.
U, shuningdek, o‘ziga bosim qilinganini ham aytgan.