Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida “Rally Muynak – 2023» avtoralli bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi bosh direktori A.Kurbaniyazov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari R.Zarikeyev har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu chempionat yanada zavqli va taassurotlarga boy o‘tishiga ishonch bildirib, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
Chempionatni tashkil etishdan asosiy maqsad turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish, avtomotosport turlarini ommalashtirish, shuningdek, yosh avlodni texnik va amaliy sport turlariga jalb qilishdan iborat. Bundan tashqari, rallini tashkil etish orqali tumanda turizm sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalarni va xizmat ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Chempionat doirasidagi musobaqalarda mamlakatimizning turli burchaklaridan va xorijdan kelgan sportchilar ikki toifadagi avtomobillarda bellashadi.
“Rally Muynak – 2023» avtomotosport musobaqalarida 120 nafardan ortiq avtomotosport ustalari 40 dan ortiq avtomobil, 25 dan ziyod mototsikl va 15 dan ortiq “Baggi”da ishtirok etadi.
G‘oliblarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrinlari topshiriladi. Shuningdek, g‘oliblar, murabbiylar va hakamlarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari taqdim etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu chempionat 28 may kuni yakunlanadi.
M. Qosimova O‘zA