Qozog‘istonda 2018-yil O‘zbekiston yili, deb e’lon qilindi. Bu tarixiy voqea ikki davlat o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston va Qozog‘istonda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, turli uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Mamlakatimizda joriy yilning 12 aprelidan boshlangan Olmaota viloyati kunlari shulardan biri.
Mamlakatimizdagi Qozog‘iston elchixonasida O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmon vakillari o‘rtasida biznes-forum tashkil etildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Toshkent shahar hokimligi va Qozog‘istonning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda mas’ul xodimlar, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari, Qozog‘istonning Olmaota viloyati delegatsiyasi a’zolari, jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari J.O‘roqov, Qozog‘istonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ye.Utembayev, Olmaota viloyati hokimi A.Batalov va boshqalar davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi samimiy do‘stlik munosabatlari ikki mamlakat kompaniyalari va ishbilarmonlari manfaatli aloqalarini mustahkamlash hamda korxonalar faoliyatini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berganini alohida ta’kidladi.
2017-yil yakunlariga ko‘ra, davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi 8,6 foiz oshgan. Hozirgi kunda mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 281 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 238 tasi qo‘shma va 43 tasi 100 foiz Qozog‘iston sarmoyasi asosida tashkil etilgan korxonalardir. 14 kompaniya mamlakatimizda o‘z vakolatxonasini ochgan.
– Mamlakatimizda tadbirkorlik, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlashga bejiz alohida e’tibor qaratilmayotir, – deydi Toshkent shahar hokimligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari B.Mirzajonov. – Negaki, bu qo‘shni davlatlar bilan ham har tomonlama aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi tadbirda O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmonlari faoliyati, xususan, Olmaota viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari bilan batafsil tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
– Olmaota viloyati Qozog‘istonda barcha sohalarda muhim o‘rin egallaydi, – deydi Olmaota viloyati turizm boshqarmasi rahbari J.Alchimbayeva. – Shu sababli uchrashuvda ushbu viloyat imkoniyatlari haqida ko‘proq ma’lumotlar berdik. Bugungi muloqotda biz, ayniqsa, Andijon viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdik. Maqsadimiz barcha sohalarda ikki tomon uchun ham manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir.
Tadbir doirasida poytaxtimizning «Turkiston» san’at saroyida katta konsert dasturi namoyish etildi. Unda qozog‘istonlik 130 nafardan ortiq san’atkor o‘zbek-qozoq do‘stligi rishtalariga monand kuy-qo‘shiqlar ijro etdi. Saroy foyyesida Qozog‘iston delegatsiyasi tomonidan tashkil etilgan milliy hunarmandlik va tasviriy san’at asarlari namoyishi ham barchaga manzur bo‘ldi.
Mamlakatimizda boshlangan Olmaota viloyati kunlari davomida delegatsiya a’zolari Andijon, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishadi.
Nasiba Ziyodullayeva, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA