AQSH Turkiyada Prezident saylovida kim g‘olib bo‘lishidan qat’iy nazar u bilan ishlashga tayyor, deb bayonot berdi Oq uy vakili Jon Kirbi.

“Birinchidan, Turkiya xalqini saylovda o‘zlarining istaklarini tinch sharoitda bildirgani uchun tabriklayman. Saylovda kim g‘olib bo‘lishidan qat’iy nazar, Prezident Bayden u bilan hamkorlik qilishga tayyor”, – dedi Kirbi.

Uning ta’kidlashicha, saylov qanday yakun topishi hozircha noma’lum va “jarayon davom etmoqda”. “Muhimi, Turkiya fuqarolari ovoz bermoqda va buni hamma ko‘rib, eshitib turibdi. Biroq jarayon hali davom etmoqda oldindan bir narsa deya olmayman”, – qo‘shimcha qilgan Kirbi.

Avvalroq Turkiya Oliy saylov kengashi (YSK) ning rahbari Axmet Yener mamlakatda Prezident saylovining ikkinchi davrasi uchun targ‘ibot ishlari dushanbadan boshlanganini ma’lum qilgandi. Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda “N6271 qonunning 13 bo‘limiga binoan targ‘ibot kampaniyasi boshlandi”, – deb bayonot bergandi u.