Tailandning Bangkok shahrida muay-tay bo‘yicha kattalar o‘rtasida yakunlagan jahon chempionatida mamlakatimiz sportchilari 5 ta medalni qo‘lga kiritdi.
102 ta davlatning 2 ming nafarga yaqin sportchisi ishtirokida o‘tgan shiddatli bahslarda terma jamoamiz a’zolaridan Zubayr Husanov 54 kilogramm og‘irlikda oltin, 51 kilo og‘irlikda Daler Sobirov va 75 kiloda Rahmatjon Xo‘jayev kumush, 91 kiloda Akobir Qahramonov hamda 75 kiloda Naimjon To‘xtaboyev bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Joriy yilning oktyabr oyida Saudiya Arabistonida jang san’atlari bo‘yicha bo‘ladigan Butunjahon o‘yinlariga saralash vazifasini o‘tagan chempionatda umumjamoa hisobida 5 ta oltin, 3 ta kumush va 7 ta bronza medaliga ega chiqqan Vetnam terma jamoasi yetakchilikka erishgan bo‘lsa, Malayziya va Tailand jamoalari keyingi o‘rinlarni egalladi. O‘zbekiston terma jamoasi kuchli o‘nlikdan joy oldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA