O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Andijon davlat texnika institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, Andijon mashinasozlik instituti, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Andijon fakulteti negizida Andijon davlat texnika instituti tashkil etiladi.
Avtomobilsozlik, elektrotexnika, energetika, to‘qimachilik, muhandislik, qurilish va boshqa sanoat sohalari bo‘yicha, shuningdek, hududning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga muvofiq zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash;
ta’lim jarayoniga ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini qo‘llash, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalarning samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish;
ixtisoslik sohalari bo‘yicha ta’lim, ilm-fan, ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani ta’minlash;
yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda talabalarning akademik almashinuvini ta’minlash, ularning ta’lim olishi va soha tashkilotlarida malakaviy amaliyotini tashkil etish;
professor-o‘qituvchilarning sanoat korxonalarida stajirovka o‘tashini yo‘lga qo‘yish hamda mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish;
talabalarni har tomonlama yetuk kadrlar bo‘lib yetishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, ularda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, ta’lim-tarbiya va amaliyot uyg‘unligini samarali tashkil etish institutning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Andijon mashinasozlik instituti, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Andijon fakultetida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Institutda davom ettiradi va 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Institut diplomi beriladi.
Institut davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.
O‘zA