Poytaxtimizda joylashgan Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga Litva sport universiteti rektori Diana Reklaytene boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Dastlab mehmonlar markaz tarixidan so‘zlovchi muzeyni ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng tomonlar o‘zaro muloqot qilish, manfaatli hamkorlik borasida suhbatlashish maqsadida stol atrofida jam bo‘ldilar. Litvalik ekspertlarga ushbu ta’lim dargohi, uning o‘zbek sportidagi o‘rni, tarbiyalanuvchilarning natijalari haqida ma’lumot berildi.
Mehmonlar o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib, faoliyati, maqsadlari haqida aytib o‘tishdi. Tanishuv va suhbatdan keyin markaz direktori delegatsiya a’zolariga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shundan so‘ng dargohning moddiy-texnik bazasi, mashg‘ulot maydonchalari hamda sport zallariga borildi. Dastlab ot sporti bo‘limi ko‘zdan kechirildi.
Delegatsiya a’zolari ot ustida sayr qilish imkoniga ham ega bo‘lishdi. Keyingi ob’ekt kamondan otish zali. Mehmonlarga bu yo‘nalishdagi yutuqlarimiz, izlanishlarimiz borasida ma’lumot berildi. Kamondan otish zalidan to‘g‘ri yengil atletika manejiga yo‘l olindi.
Atletlarimizning mashg‘ulot jarayonlari e’tibor markazida bo‘ldi.
Murabbiylar bilan suhbat qurildi. Keyin esa gandbol zali ko‘rsatildi. Litvalik mutaxassislar markazda yaratilgan imkoniyatlarni alohida e’tirof etishdi. Oxirgi ob’ekt markazdagi suv havzasi bo‘ldi. Mazkur inshoot ham delegatlarning e’tirofiga sabab bo‘ldi.
Uchrashuvdan so‘ng xorijlik mehmonlar iliq taasurotda ekanini, takliflar tayyorlab qayta murojaat qilishlarini ta’kidladi. O‘zaro hamkorlik har ikki tomonga manfaatli bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA