Poytaxtimizdagi “Universal“ sport majmuasida sport kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘z yakuniga yetdi. Chempionatning so‘nggi kunida ayollar kurashi bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaning vazni 59 kilogrammgacha bo‘lgan ayollar kurashi bellashuvlarida Laylo Sobirova (Toshkent) final bosqichida Sarbinaz Jiyenbayeva (Qoraqalpog‘iston) bilan raqobatlashdi. Ushbu bellashuvda Sarbinazning kutilmaganda olgan jarohati sabab bahs erta yakunlandi va Laylo mamlakat chempioniga aylandi. Yarim finalga qadar g‘alaba qozongan Dinara Seytmuratova (Qoraqalpog‘iston) hamda Ulbeke Karlibayeva (Toshkent) bu vaznda uchinchi o‘rindan joy oldi.

Kutilganidek, 53 kg. vazn toifasida Shohida Ahmedova (Samarqand) shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Ruhshona Fayzullayeva (Samarqand) hamda Laziza Shomurodova (Toshkent) kumush hamda bronza medaliga ega chiqdi. Shuningdek, Nilufar Nurmuhammedova (Sirdaryo), Dilshoda Matnazarova (Toshkent), Nilufar Otemisova (Qoraqalpog‘iston), Gulmira Aytmuratova (Toshkent), Shahzoda Allaniyazova (Toshkent), Firuza Esenbayeva (Qoraqalpog‘iston) hamda Svetlana Oknazarova (Toshkent) o‘z vazn toifalarida chempionga aylandi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA