24 noyabr kuni dzyudo bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida Jizzax shahridagi “Jizzax kibyersport aryena” majmuasida 4 kun davom etgan O‘zbekiston chempionati bahslari nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Dzyudo federatsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Jizzax viloyati hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar homiyligida tashkil etilgan ushbu mamlakat chempionatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan jami 300 nafardan ortiq erkak va ayol dzyudochi 14 vazn toifasida g‘oliblik uchun tatamiga chiqdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra ayollar o‘rtasida Navoiydan Laziza Haydarova, Qashqadaryodan Gulhayo Jo‘rayeva hamda Marjona Ko‘chimova, Xorazm viloyati vakilalari Shukurjon Aminova hamda Shirinjon Yo‘ldosheva, Samarqand viloyati dzyudochisi Marjona Nurulloyeva va Toshkent shahri dzyudochisi Umida Nig‘matovalar o‘z vazn toifalarida O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lib, oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston chempionligi va oltin medallar Buxoro viloyati polvonlari Anvarjon Ibrohimov hamda Shahram Ahadov, Navoiy shahridan Azizbek Ortiqov, surxondaryolik Hikmatulloh To‘rayev, Samarqand shahridan Zufarbek O‘rolov hamda Qashqadaryo viloyati dzyudochisi Islombek Ravshanqulovlarga nasib etdi.
Chempionatning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilarning diplom, medallar va qimmatbaho sovg‘alari bildan taqdirlandi.
To‘rt kunlik bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati terma jamoasi medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Buxoro viloyati terma jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, kuchli uchlikka Xorazm viloyati dzyudochilari yakun yasadi.
Shuningdek, Toshkent shahri, Navoiy va Samarqand viloyatlari terma jamoalari safida ham 2 nafardan O‘zbekiston chempionlari bo‘lgan bo‘lsa, Surxondaryo viloyati terma jamoasi 1 ta oltin medal bilan kifoyalandi.
Andijon viloyatidan tashqari boshqa barcha hudud jamoalari kamida bittadan medallarni qo‘lga kiritganini ham e’tirof etish lozim.
Bellashuvlar nihoyasiga yetgach, dzyudo bo‘yicha Olimpiada, jahon va Osiyo chempionatlarida g‘oliblik va sovrinli o‘rinlarni egallagan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Davlat Bobonov hamda Muzaffar To‘raboyevlar jizzaxlik yosh dzyudochilarga master-klass mashg‘ulotlarini o‘tdi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri