Kambodjada “Tinchlik va murosa sari” mavzuida Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasining (ICAPP) 12-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar vakillari ham ishtirok etdi va ma’ruza qildi.
Ta’kidlash joizki, anjumanda 42 mamlakatdan 57 ta siyosiy partiya hamda 200 dan ortiq delegatlar ishtirok etdi. Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Osiyo siyosiy partiyalari o‘rtasida muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy va global muammolarga yechim topishdan iborat. Shuningdek, ICAPPning barqaror va farovon Osiyo hamjamiyatiga oid qarashlarini ilgari surish, siyosiy partiyalar tajriba almashinuvini kuchaytirish orqali mintaqa xalqlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni rivojlantirishdir.
Anjuman doirasida mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va madaniy almashinuv kabi qator mavzularda davra suhbatlari va seminarlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda partiyalarimiz vakillari so‘zga chiqib, o‘z dasturiy maqsad va vazifalari, Saylovoldi dasturidagi asosiy yo‘nalishlarga to‘xtaldi.
Ma’lumot uchun, ICAPP 370 dan ortiq siyosiy partiyalarni birlashtiruvchi nufuzli xalqaro tashkilot sifatida dolzarb mintaqaviy va global masalalar muhokamasi uchun muhim platforma hisoblanadi. Uning tadbirlari Osiyo bilan cheklanib qolmay, Afrika, Yevropa va Lotin Amerikasi davlatlari siyosiy partiyalari vakillarini ham qamrab oladi.
M.Komilova, O‘zA