O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Misr Arab Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tamir Fathi Abdussalom Hammad bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati muhokama qilindi. Tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar belgilanib, kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Sheriklik ko‘lami izchil kengayib borayotgani ta’kidlandi. 2023 yil eksport asosan to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xizmat ko‘rsatish hisobiga 110 foiz oshdi. Misr kompaniyalari bilan birga oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, geologiya-qidiruv va ichimlik suvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Misr kapitali ishtirokida 15  korxona faoliyat yuritmoqda.

Muzokara yakunida tomonlar raqamli iqtisodiyot, to‘qimachilik sanoati, transport-logistika, farmatsevtika, mashinasozlik, tog‘-kon va fitosanitariya kabi sohalarda hamkorlikni mustahkamlash maqsadida, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida davra suhbatlari o‘tkazish, shuningdek yaqin orada Hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishini tashkil etishga kelishib oldilar.