Jismoniy va aqliy kurashni o‘zida mujassam etgan fijital sport o‘yinlari mamlakatimizda ham jadal rivojlanmoqda.
O‘tgan yilning fevral oyida yurtimizda faoliyatini boshlagan O‘zbekiston Fijital sport federatsiyasi qisqa fursatda ushbu sport yo‘nalishiga qiziqishi yuqori bo‘lgan ming-minglab yoshlarni birlashtirdi. O‘tgan davr mobaynida yurtimizning ko‘plab shahar va mahallalarida, yoshlar maskanlarida sportning bir qator turlari bo‘yicha fijital musobaqalari tashkil etildi.
Kuni kecha Toshkent viloyati Angren shahridagi “Dukent” sport sog‘lomlashtirish majmuasida o‘tgan fijital sport o‘yinlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining respublika bosqichi ham kelajak sport musobaqalari tizimi sanalgan ushbu yo‘nalishning targ‘ibotida, kuchli sportchilar va jamoalarni aniqlashda muhim omil bo‘ldi.
Aytish lozim, fijital so‘zi inglizcha “physical” (jismoniy) va “digital” (raqamli) so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, asosiy g‘oyasi elektron sportchilarni virtuallikdan ochiq maydonga olib chiqishga qaratilgan. Bu, sportchilar avval maxsus fijital zallarida kompyuter o‘yinida raqobatlashsa, so‘ngra ochiq maydonda yuzma-yuz kuch sinashish deganidir.
“Dukent” sport bazasida o‘tgan musobaqaning ochilish marosimida ishtirok etgan mutasaddilar, xususan O‘zbekiston fijital sport federatsiyasi, O‘zbekiston basketbol federatsiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar sport boshqarmalari vakillari fijital musobaqalari yildan yilga xalqaro maydonda keng quloch yoyayotganini ta’kidlab, fijital futbol, fijital-basketbol va fijital-raqs yo‘nalishidagi bahslarda g‘oliblik uchun kurashayotgan yoshlarga omad tiladi.
Qiziqarli kechgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, fijital futbol o‘yinlarida Navoiy viloyati jamoasi 16 ta jamoa orasida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, ushbu yo‘nalishda Samarqand viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi keyingi o‘rinlarni egalladi.
Fijital basketbol musobaqalarida g‘oliblikka da’vogar 16 ta jamoa orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi g‘olib chiqdi. 2-3-o‘rinlar Samarqand hamda Namangan viloyati jamoalariga tegishli bo‘ldi.
Fijital-raqs yo‘nalishida esa Stella Mkrticheva va Kamila Salaxatdinova juftligi eng mahoratli ekanini namoyish etib, haqli ravishda chempionlikka erishdi. Sovrinli o‘rinlar Stella Mkrticheva va Kamila Salaxatdinova, Karina Isayeva va Darya Shadrina, Sabina Tadjibayeva va Sabina Sattarovaga nasib etdi.
Chempionatning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alar, diplom, medal va kubok bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA