Iqtisodiy islohotlar mamlakat ravnaqi va aholi farovonligiga xizmat qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 13-aprel kuni Sirdaryo viloyatida bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida viloyat har tomonlama rivojlandi, shahar va qishloqlar obod bo‘lib, aholi farovonligi oshdi. Hududda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida qurilish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ijtimoiy sohalarni rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Prezidentimiz o‘tgan yil 17 may kuni viloyatga tashrif buyurib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni bilan tanishgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida viloyatda ulkan ishlar amalga oshirildi. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi doirasida 2017-yil yakuniga ko‘ra, umumiy qiymati 507 milliard 200 million so‘m investitsiyalar o‘zlashtirilishi hisobidan 1 ming 108 loyiha doirasida yangi quvvatlar ishga tushirilib, 6 ming 200 ish o‘rni yaratildi.

Davlatimiz rahbari bu galgi tashrifi davomida viloyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalarning amalga oshirilishi, berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev dastlab Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi “Bek klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan tashkil etilgan zamonaviy gidroponik issiqxonada bo‘ldi, ishchilar bilan muloqot qildi.

Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida “Bek klaster” korxonasini tashkil etish loyihasi taqdim etilgan edi. Ushbu loyiha ma’qullanib, davlatimiz rahbarining tegishli qarori qabul qilindi. Qisqa vaqtda korxona tashkil etilib, unga viloyatdan 18 ming gektar yer ajratildi. Ushbu yerlarda paxta, g‘alla va boshqa donli ekinlar parvarishlanmoqda. Zamonaviy texnikalar xarid qilingan.

Mazkur ko‘p tarmoqli klaster tomonidan Mirzaobod tumanida 100 gektar maydonda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida zamonaviy gidroponik issiqxona barpo qilinayotir. Bu yerda yiliga 50 million dollarlik mahsulot yetishtirish va uni 100 foiz eksportga yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda.

Ayni paytda “Bek klaster” qo‘shma korxonasi qoshida o‘simlik mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va tekshirish ilmiy-amaliy markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu yerda tuproq tahlili, o‘simliklar biotexnologiyasi va himoyasi, seleksiya va paxta urug‘chiligi, poliz va sabzavot urug‘chiligi, o‘simliklar genetikasi laboratoriyalari ochiladi. Asosiy maqsad qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdan iborat. Ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari issiqxona konstruksiyalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, meva-sabzavotchilik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, klaster qoshida tashkil etiladigan ilmiy-amaliy markaz faoliyatini takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

– Qishloq xo‘jaligiga ilmiy yondashmay qo‘yganimiz sababli, ayrim ekinlardan kutilgan hosil ololmayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu jihatdan “Bek klaster” korxonasi qoshida ish boshlaydigan ilmiy-amaliy markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bunday markazlarni boshqa klasterlarda ham tashkil etish kerak. Biz nafaqat sifatli mahsulot yetishtirish, uning xaridorini topishni ham o‘ylashimiz lozim. Bugungi zamon shiddati shuni talab qiladi.

Prezidentimiz qishloq xo‘jaligi texnikalarini ham ko‘zdan kechirdi. “Social web solution” korxonasi mutaxassislari tomonidan yaratilgan AKT dasturiga alohida e’tibor qaratdi. Bu dastur elektron savdoni kengaytirish, internet orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish borasida aholiga ko‘plab qulayliklar yaratadi. Dastur tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash, undan foydalanishni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Shu yerda viloyatda baliqchilik, chorvachilik, ipakchilik va ko‘nchilikni rivojlantirish, 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan irrigatsiya va melioratsiya davlat dasturi, sholi yetishtirish, lalmi va tomorqa yerlardan samarali foydalanish, irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilishga qaratilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar va xorijlik investorlar bilan muloqot qildi, loyihalar samaradorligini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Shundan so‘ng M-34 «Toshkent – Dushanbe» avtomobil yo‘lining 117-146 kilometrlaridagi Toshkent ko‘chasida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Ushbu yo‘lning ikki kilometrida namuna sifatida qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Maxsus piyodalar yo‘lakchasi, velosipedda harakatlanish uchun alohida yo‘lak tashkil etilgan hamda zamonaviy energiya tejamkor tungi yoritgichlar o‘rnatilib, ko‘cha bo‘ylab manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan.

Toshkent ko‘chasi bo‘ylab vokzal, avtobus bekatlari, masjid, sayyohlik markazi, madaniyat va maishiy xizmat ko‘rsatish markazi, bozor, diagnostika markazi kabi ijtimoiy soha obyektlari barpo etiladi. Mazkur ko‘cha 2018-2019 yillarda qurilib, foydalanishga topshiriladi.

– Yo‘l bo‘yidagi infratuzilma obyektlari qurilishiga alohida e’tibor qaratish zarur. Ularning bir-biriga hamohang bo‘lishi, umumiy konsepsiya kasb etishi maqsadga muvofiq, – dedi Prezident. – Yo‘l qurilishida shoshma-shosharlik qilish kerak emas. Bu borada sifat asosiy ko‘rsatkich bo‘lmog‘i lozim. Yo‘l bo‘yidagi temir to‘siqlar yo‘lovchilarga aslo xalaqit bermasligi kerak.

Loyiha to‘liq ishga tushirilgach, piyodalar va haydovchilarga qulay shart-sharoitlar yaratiladi, shuningdek, kelgusida zamonaviy talablarga asosan Toshkent ko‘chasi misolida viloyatning barcha ko‘chalari qayta ta’mirlanadi.

Prezidentimiz Guliston shahridagi suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida qurilgan yopiq suzish havzasini borib ko‘rdi.

Sport maskanidagi 25×11 hamda 6×12,5 o‘lchamdagi suzish havzalari, balandlikdan suvga sakrash sport turi uchun alohida zal qurilgan bo‘lib, hovuzning hajmi 12×10 metr va yosh sportchilar suvga sakrashi uchun ularga moslab 1,3 va 5 metr balandlikda tramplinlar o‘rnatilgan. Tomoshabinlar uchun 250 o‘rindiq mavjud. Kuniga 250 kishini qabul qilish quvvatiga ega majmua barcha jihozlar bilan ta’minlangan, tibbiyot xonalari, trenajyor, oshxona va boshqa xonalarda sportchilar muntazam shug‘ullanishi mumkin. Bundan tashqari, suvni tozalash, isitish uskunalari ham o‘rnatilgan. Ayni paytda bu yerda suzish bo‘yicha tashkil etilgan 15 o‘quv-mashg‘ulot guruhiga 176 yosh jalb qilingan.

Yopiq suzish havzasining havo aylanish tizimini yaxshilash, shug‘ullanuvchilar uchun yanada qulay sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari Guliston shahrida tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Bilimdonlar maskanida bo‘ldi.

Shaharning Islom Karimov ko‘chasidagi mavjud xiyobon qayta rekonstruksiya qilinib, ushbu yangi maskan ish boshladi. Barcha sharoitlar yaratilgan majmuada 1 ta kitob do‘koni, 1 ta gul do‘koni hamda kitobxonlar uchun maxsus ayvonlar barpo etilgan.

Prezidentimiz mazkur ayvonda viloyat ijodkor ziyolilari, ijtimoiy soha, yoshlar vakillari bilan uchrashdi. Unda mamlakatimiz va xalqaro ahamiyatga molik masalalar xususida so‘z yuritildi.

– Oddiy odamlarning roziligiga erishish uchun hali juda ko‘p ishlar qilishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatida ham yangi korxonalar qurishimiz zarur. Bu aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirishda muhim asos bo‘ladi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning bilim va malakasini oshirish yo‘lida qabul qilinayotgan muhim hujjatlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Bilimdonlar maskani viloyat yoshlarini vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, jismonan va ma’nan barkamol ulg‘aytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo mega lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasida qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Prezidentimiz korxonaning ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Taklif etilayotgan loyihalar, istiqboldagi rejalar bilan qiziqdi.

2012-yili tashkil etilgan qo‘shma korxonada polipropilen granulasidan kimyo, qurilish, to‘qimachlik, oziq-ovqat va nooziq-ovqat, farmatsevtika, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash sanoati, xomashyo va materiallar eksporti bilan shug‘ullanuvchi savdo kompaniyalari uchun turli o‘lchamdagi qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Dastlab 75 ishchi bilan faoliyat boshlagan va atigi bir turdagi qoplar ishlab chiqarilgan korxonada ayni paytda mahsulot turi 17 taga, ishchi-xizmatchilar soni 650 kishiga yetdi. Mahsulotlarning 35-40 foizi Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Boltiqbo‘yi davlatlariga eksport qilinmoqda.

Korxonada 2018-2023 yillarda qiymati 100 million AQSh dollari bo‘lgan yettita istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Polipropilendan qadoqlash mahsulotlari, eksport bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun yumshoq konteynerlar, qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish uchun plyonkalar, chetdan import qilinayotgan yordamchi xom ashyo va materiallar ishlab chiqarish kabi loyihalar shular jumlasidandir. Bu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 2 ming 500 kishi ish bilan ta’minlanadi. Quvvatlar to‘liq ish boshlagach, yiliga 125 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, 80 million dollarlik import o‘rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqariladi. Mazkur mahsulotlarga hozirning o‘zida MDH, Yevropa Ittifoqi, Lotin Amerikasi mamlakatlaridan takliflar tushmoqda.

Davlatimiz rahbariga ushbu loyihalar haqida ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, ishga tushiriladigan yangi tarmoqlarga Rossiya, AQSh, Germaniya, Italiya, Avstriya kabi davlatlardagi yetakchi kompaniyalarning zamonaviy texnologik uskunalari o‘rnatiladi. Ushbu quvvatlar korxona yonida barpo etilayotgan texnoparkda joylashtiriladi.

Prezidentimiz yangi mahsulotlarning xaridorgirligi, eksport geografiyasi bilan qiziqdi. Ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish orqali tashqi bozorda O‘zbekiston mahsulotlarining mavqeini oshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.

“Sirdaryo mega lyuks” qo‘shma korxonasi hududida viloyatda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi va sanoatni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Viloyatning geografik joylashuvi hududning sanoat, logistika imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, chet ellik hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashda katta qulaylik yaratadi. Viloyatda xorijiy kompaniyalar ishtirokida 90 korxona faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan zamonaviy logistika markazlari tashkil etish, Led lampochkalari, lift va eskalatorlar, qurilish uchun metall konstruksiyalar ishlab chiqarish, charm, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash, farmatsevtika sohalarida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

2018-2019 yillarda viloyatga jalb qilinadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar samarasida kimyo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, yengil sanoat va boshqa tarmoqlarda qator istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Ushbu yo‘nalishdagi 203 loyiha amalga oshirilishi natijasida 14,6 ming ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari “Ideal asr” korxonasining bosim ostida ishlaydigan uskuna va maxsus texnikalarini ko‘zdan kechirdi. Mazkur sig‘imlar suyultirilgan gazni saqlash va tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, chekka hududlar aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlashda katta qulaylik yaratadi.

Prezidentimiz mazkur sig‘imlarni ko‘p qavatli uylar, savdo markazlari qurish loyihalariga kiritish zarurligini, bu katta iqtisodiy tejamkorlik keltirishini ta’kidladi.

Guliston shahrida joylashgan “Modern lift systems” MChJda eng zamonaviy va energiya tejamkor texnologik uskunalar bilan jihozlangan lift va eskalator ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Ushbu loyiha, avvalo, viloyatlarda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni lift bilan ta’minlash imkonini beradi. Yiliga 500 dona lift va 300 dona eskalator ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona mahsulotlarining bir qismi ichki bozor talablarini qondirsa, 35 foizi eksportga yo‘naltiriladi.

“Yangiyer” kichik sanoat zonasi hududida “Bahromjon Nur savdo” xususiy korxonasi 2010-yili tashkil etilgan. Asosan lok-bo‘yoq va quruq suvoq materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yildan korxonada 30 turdagi krossovkalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda korxonada 163 ishchi mehnat qilmoqda.

Shu paytgacha krossovkalar asosan chetdan keltirilardi. “Bahromjon Nur savdo” xususiy korxonasining mahsulotlari import o‘rnini qoplash va eksport qilish imkonini beradi.

– Men ikkita ishchi o‘rni yaratgan tadbirkorni yelkamda ko‘tarishga tayyorman, degan edim. Mana shunday korxonalarni tashkil etib, 100-200 ishchi o‘rni yaratayotgan yurtdoshlarimiz mamlakatimizga katta foyda keltiradi, ichki bozorimizni egallaydi. Ushbu loyihani kengaytirish, mahsulotga ketayotgan materiallarni to‘liq o‘zimizda ishlab chiqarishga erishish kerak. Buning uchun tadbirkorga ko‘mak berish, zarur mablag‘ bilan ta’minlash lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz “Crocus Uz compozite” korxonasida mahalliy xom ashyo, ya’ni shisha paxta, kvars qumi va efir moyidan ishlab chiqarilayotgan lotok va quvurlarning afzalligiga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu mahsulotlar betonga qaraganda ancha chidamli, kamxarj va uzoq muddat foydalanish mumkin.

– Bunday mahsulotlar nafaqat Sirdaryo viloyati, balki butun mamlakatimiz uchun juda foydali, – dedi davlatimiz rahbari. – Suv isrofgarchiligini kamaytirish, qishloq xo‘jaligida daromadni oshirishda bunday innovatsion yondashuvlarning ahamiyati katta. Ushbu mahsulotlarni fermer va dehqonlarga keng targ‘ib etish kerak.

Boyovut tumanida “Maker International Uzbekistan” korxonasi tomonidan gulijavhar (barxatets) guli yetishtirish hisobiga tabiiy dori ekstraktini olish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 1000 gektar yer ajratish rejalashtirilgan. Ushbu maydonda 30 ming tonna gul yetishtirish, undan 300 tonna ekstrakt olish mumkin. Gul poyasi chorva uchun ozuqa bo‘ladi.

Loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 10 million dollarlik dori vositalari ishlab chiqariladi, 200 kishi doimiy, 1000 dan ziyod kishi mavsumiy ish bilan ta’minlanadi. Loyihaning afzalligi, tabiiy dori ekstraktining bozori bor. Xitoydan tashqari AQSh, Ispaniya, Meksika va Yevropa davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan. Bu yurtimizga valyuta tushumini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Gulijavharning bir gektaridan 5 ming dollargacha foyda olish mumkin. Ushbu o‘simlikdan olingan ekstrakt immun tizimini mustahkamlaydi, qon bosimini pasaytiruvchi xususiyatga ega. Bundan tashqari, viruslarga qarshi kurashuvchan bo‘lgani bois juda ham foydali. Korxona tashabbuskorlari yarim tayyor mahsulot bilan cheklanib qolmay, kelgusida tayyor dori vositalari ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

Prezidentimiz gulijavhar o‘simligi ekiladigan maydonlarni 2 ming gektarga kengaytirish, kelgusi yillarda boshqa viloyatlar hisobiga 5 ming gektarga yetkazish va eksport hajmini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Taqdimot chog‘ida davlatimiz rahbariga Sirdaryo viloyatidagi “Peng Sheng” majmuasi tarkibidagi “AWP” qo‘shma korxonasida suv jihozlari, jezdan dastaklar, fitinglar, katta hajmdagi keramik plitalar, eshik qulflari ishlab chiqarish kabi qator yangi loyihalar namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoyev ko‘proq yangi ish o‘rinlari tashkil etish, mahalliy xom ashyo asosida mahsulot ishlab chiqarishga ko‘proq xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu kuni Sayxunobod tumanidagi 8-bolalar musiqa va san’at maktabida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Videselektor shaklida o‘tgan yig‘ilishda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, ta’lim, tibbiyot sohalaridagi o‘zgarishlar, aholi bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi yakuniga yetdi.

 

O‘zA