Xalqimizning farovon hayoti, daxlsizligi, haq-huquqlari himoyasi uchun mustahkam asos va ishonchli kafolat sifatida yangilanayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumga oz fursat qoldi.

O‘z haq-huquqlariga befarq bo‘lmagan, fuqarolik pozitsiyasi, burchiga sodiq bo‘lgan insonlar bu jarayonlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Korxona va tashkilotlar esa umumxalq referendumini tashkil etish va o‘tkazishda jamoatchilik monitoringini olib boryapti.

O‘zbekistonda bugungi kunda 896 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qiladi. Ularning 730 mingdan ortig‘i referendumda ovoz berish huquqiga ega.

O‘zbekiston nogironlar jamiyati tomonidan mazkur siyosiy tadbir jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash maqsadida ularga referendumda ishtirok etish uchun yaratilgan shart-sharoitlarning milliy qonunchilik va xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan jamoatchilik monitoringi olib borilmoqda.

Monitoring doirasida tashkilot tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning konstitutsiyaviy islohotlar haqida xabardorligini oshirish, yangi Konstitutsiya loyihasida imkoniyati cheklangan fuqarolarga oid belgilanayotgan qoidalarning mazmun-mohiyatini yetkazish, ovoz beruvchi sifatida ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022 yil 28 iyundagi 1172-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Referendum uchastkalari hamda referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari to‘g‘risidagi nizom”ning 50-bandi bo‘yicha, ya’ni “Referendum uchastkasi binosiga kirish joyida nogironlar aravachasiga moslashtirilgan nishab yo‘laklar (panduslar) bo‘lishi va ularning belgilangan talablarga (eni kamida 90 santimetr, chiqish burchagi 30°dan ko‘p bo‘lmagan) mos kelishi kerak”ligi belgilangan. bugungi kunlarda shu asosida O‘zbekiston Nogironlar jamiyati va uning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari orqali referendum uchastkalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday sharoitlar yaratilganligi bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilyapti. Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni monitoring qilish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha okrug va uchastka komissiyalari bilan hamkorlik qilinyapti. Mahalliy kuzatuvchilar bilan ishlash, referendum kuni imkoniyati cheklangan ovoz beruvchilarning huquqlarini to‘laqonli ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning referendum jarayonlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqish ishlari davom etmoqda.

– Jamiyat tavsiyasi bilan uchastka komissiyalari tarkibiga 2 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar kiritildi, – deydi O‘zbekiston nogironlar jamiyati Markaziy boshqaruvi raisi Komil Abdullayev. – Hududiy bo‘lim va bo‘linmalar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 10,7 mingdan ortiq refrendum uchastkalarining 5 861 tasida jamoatchilik monitoringi olib borildi. Aytish kerakki, ayrim uchastkalarda nogironligi bo‘lgan fuqarolarimiz uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda bir qator kamchiliklar kuzatildi. Ushbu kamchiliklar tegishli okrug va uchastka komissiyalari bilan birgalikda joyida bartaraf etildi. Bir qator murojaatlarga huquqiy tushuntirishlar berildi. Mahalliy kuzatuvchilar bilan ishlash maqsadida siyosiy partiyalar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligini yo‘lga qo‘ydik. O‘z imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda jamoatchilik monitoringi tadbirlari davom ettirilyapti.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan aholining fikr-mulohazalari, takliflari jamlanib, mutaxassislar ishtirokida puxta o‘rganib chiqildi. Ikki bosqichda amalga oshirilgan xalq fikrini o‘rganish jarayonida puxta takomillashtirilgan Konstitutsiya loyihasi bilan 5 milliondan ortiq yurtdoshimiz tanishgan, 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgan. Bu faollik O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning tashabbuskori va ijodkori xalq ekanidan dalolat.

B.Meliqulova, O‘zA