Milliy matbuot markazida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi “O‘zbek-Turk test markazi” tomonidan «Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat mahsulotlarining sifati va eksport imkoniyatlari»ga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda sertifikatlashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Turk standartlari instituti (TSE) ishtirokida yangi zamonaviy standartlar talablariga javob beruvchi «O‘zbek-Turk» qo‘shma korxonasi tashkil etilgan.

Hozirgi kunda korxonada mahsulotlarni sertifikatlashtirish idorasi (SI), sifatni boshqarish tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi, sinov laboratoriyalari majmuasi (SLM) faoliyat yuritib kelmoqda.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, mahsulotlarni sertifikatlashtirish idorasi tomonidan yengil sanoat, elektrotexnika kabi mahsulot turlari sertifikatlashtirilmoqda.

Sifatni boshqarish tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi Xalqaro akkreditatlash forumi (IAF) a’zosi hisoblangan Turkiyaning akkreditatlash tashkiloti (TURKAK) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. 2015 yilda akkreditatsiya guvohnomasiga ega bo‘lgan. Hozirda idora tomonidan ISO 9001:2015 xalqaro standartiga muvofiq sifat tizimlarini sertifikatlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova,O‘zA