Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘z bayrami keng nishonlandi.

Bayram tadbirida yaxshi niyatlar bilan sumalak solinib, o‘quv yurti atrofiga qora uylar qurildi. Har bir fakultet o‘zlari tayyorlab kelgan milliy taomlari va kiyimlari, talaba yoshlar tomonidan yaratilgan turli buyumlari bilan ishtirok etdi.

Oliy o‘quv yurti oldidagi bayramona bezatilgan maydonda o‘tkazilgan “Har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!” shiori ostidagi tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev jamoani va mehmonlarni Navro‘z bayrami bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan maxsus qaror asosida joriy yilgi umumxalq bayram mamlakatimizda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlanmoqda. Albatta, bunda teran ma’no bor. Chunki, ulusning ulug‘ kuni – Navro‘z bayrami insonlar o‘rtasida xayr-saxovat muhitini  mustahkamlash, yosh avlodni asrlar davomida takomillashgan  dasturlarimiz bilan milliy qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yini har tomonloma rivojlantirish, aholining farovon va baxtli hayotini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, professor-o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va yetuk mutaxassislarni tayyorlash ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi.

O‘tgan qisqa davr mobaynida Orolbo‘yida oliy ta’lim muassasalari soni 10 taga yetganligi, ijarada yashayotgan talabalarning oylik ijara to‘lovining bir qismi davlat byudjeti hisobidan to‘lab berilishi, magistraturada to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt summasini davlat byudjetidan qoplab berish tartibining joriy etilganligi, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikning mustahkamlanayotgani, chekka hududlarda yashovchi yoshlar uchun qator imtiyozlar berilayotgani Prezidentimizning yoshlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligining yaqqol isbotidir.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nomlanishi ham yoshlarning oydin kelajagini ta’minlash masalasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligini yana bir marta tasdiqlaydi. Mana shunday yuqori e’tiborga javob tariqasida o‘zlarining yutuqlari bilan namuna bo‘lib kelayotgan talaba yoshlar g‘ururimiz hisoblanadi.

Universitetda zamonaviy ta’lim va ilm sirlarini teran egallab, erkin fikr yuritadigan, ona yurtiga mehr va sadoqat bilan xizmat qiladigan yangi avlodni tarbiyalash ishlari talab darajasida olib borilmoqda. Joriy o‘quv yilining o‘zida universitet talabalari o‘rtasida 3 nafari Prezident stipendianti, 4 nafari Beruniy nomidagi, 8 nafari Alisher Navoiy nomidagi, 2 nafari Ulug‘bek nomidagi, 1 nafari Islom Karimov nomidagi, 17 nafari Berdaq nomidagi stipendiya sohiblari, 5 nafari jahon, 10 nafari Osiyo va 60 nafari mamlakatimiz chempioni bo‘ldi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining qarori asosida universitetining 3-bosqich talabasi Hurliman Niyetbayeva o‘zining iqtidori va namunali faoliyati bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgani, ijtimoiy hayotda faollik ko‘rsatayotgani uchun “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Bayram tomoshasida taniqli san’at ustalari bilan talaba yoshlar,  ayniqsa, bu yerda tahsil olayotgan turli millat vakillari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarni yig‘ilganlar katta qiziqish bilan tomosha qildi. Yuksak natijalarni qo‘lga kiritgan sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, “Jayhun” quvnoqlar va zukkolar jamoasi a’zolarining hazillari barchada katta taassurot qoldirdi.

Fakultetlar o‘rtasida turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Kurash va milliy o‘yinlar bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.

Yasharish va yangilanish ayyomi Navro‘zga bag‘ishlangan bayram sayli kun bo‘yi davom etdi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA