Mamlakatimizda davom etayotgan U-20 Osiyo kubogi yarim finalida ishtirok etadigan barcha jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi.

Kecha poytaxtimizdagi «Jar» stadionida o‘tgan chorak finalda Janubiy Koreya Xitoy terma jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, «Lokomotiv» stadionida Yaponiya – Iordaniya qarama-qarshiligidagi o‘yinda kunchiqar yurt vakillari 2:0 hisobida yarim final masalasini hal etdi.

Endi 15 mart kuni «Bunyodkor» stadionida O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreya bilan, Iroq vakillari Yaponiya bilan final masalasini hal etadi. Ushbu juftliklarning omadli jamoalari 18 mart kuni «Bunyodkor» stadionida o‘tadigan final bahsida ro‘baro‘ kelishadi.

E’tiborli jihati, kecha poytaxtimizda poyoniga yetgan U-20 Osiyo kubogi chorak final o‘yinlari natijasida joriy yil 20 may kuni Indoneziyada boshlanib 11 iyunga qadar davom etadigan 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatining barcha ishtirokchi jamoalari nomi ham aniqlandi.

Mazkur Jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi 31 martga belgilangan bo‘lib, kecha jamoalar savatchalarga taqsimlandi. O‘zbekiston uchinchi savatchadan joy oldi.

Unga ko‘ra, 1-savatdan Indoneziya, Urugvay, AQSH, Fransiya, Senegal, Italiya yoki Janubiy Koreya (reyting ochkolari bo‘yicha), 2-savatchadan Angliya, Janubiy Koreya yoki Italiya (reyting ochkolari bo‘yicha), Yangi Zelandiya, Braziliya, Kolumbiya, Ekvador, 3-savatchadan O‘zbekiston, Nigeriya, Yaponiya, Iroq, Gonduras, Fiji, 4-savatchadan Gvatemala, Dominikan Respublikasi, Gambiya, Isroil, Slovakiya, Tunis jamoalari o‘rin oldi.

Eslatib o‘tamiz, U-20 Jahon chempionatining amaldagi g‘olibi Ukraina terma jamoasi hisoblanadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA