Toshkent markazida joylashgan Badiiy akademiya Fotosuratlar uyida “Italiya dizayn kuni-2023” ko‘rgazmasi ish boshladi.

Yuzlab italiyalik dizayner, arxitektor, tadbirkor, tadqiqotchi va jurnalistlar mazkur loyiha – “Yoritadigan sifat. Odamlar va atrof-muhit uchun dizayn energiyasi” nashri uchun tanlangan mavzu bo‘yicha butun dunyo nuqtai nazarini o‘rganib, asarlar yaratgan, deyish mumkin.

Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha integratsiyalashgan strategiyani belgilashga xizmat qiluvchi tadbirda, shuningdek, Italiya bilan qo‘shma loyihalarni faol amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi vakillari ham ishtirok etdi.

Anjuman doirasida ushbu davlatning mamlakatimizdagi elchixonasi va savdo agentligi hamkorligida san’at sohasida faoliyat yuritayotgan ekspertlar ishtirokida seminar ham tashkil qilindi. Elchi Agostino Pinna, jahonga mashhur arxitektor Karlo Ratti, Nyu-Yorkdagi Zamonaviy san’at majmuasi va Pekinda bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlari dizayni yaratuvchilaridan biri Mishel Bonino ma’ruzalari tinglandi.

Yettinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjuman yuzdan ziyod mamlakatda start olgan. Har bir uchrashuv oldidan tadbir mavzusiga bag‘ishlangan, “Studio Azzurro” tomonidan tayyorlangan videofilm namoyish etiladi.

Qayd etish kerak, Italiyaning nufuzli kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan ta’sirchan tasvirlar tanlovi orqali italyancha dizayni haqida hikoya qiluvchi modulli fotoko‘rgazma ham mavjud.

Loyiha ijodkorlarida Rimda o‘tadigan “EXPO-2030” ko‘rgazmasida nomzodini ilgari surish imkoni ham mavjudligi ma’lum qilindi. Koordinator Karlo Ratti “Italiya dizayn kuni” “Odamlar va hududlar: qayta tug‘ilish, inklyuziya va innovatsiya” shiori ostida barqaror rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqishga, global muammolarni hal qilish strategiyasi sifatida birgalikda foydalanishga qaratilgani xususida so‘z yuritdi.

Anjuman yakunida mamlakatimizning xalqaro ko‘rgazmalardagi ishtiroki, to‘plangan tajribamiz to‘g‘risida ma’lumot berildi. Kelgusida O‘zbekistonning yirik ijodiy loyihalardagi faolligini yanada oshirish istiqboli, madaniy-ma’rifiy sohalarga ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA