Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaning Kaliningrad viloyatidagi I.Kant nomidagi Boltiq federal universitetiga tashrif buyurdi.

Boltiq federal universiteti rektori Aleksandr Fedorov bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda tomonlar bioinjeneriya sohasidagi ilmiy va akademik hamkorlikni muhokama qildi va hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Shu jumladan, 2023-2024 o‘quv yilidan «3+2» formatida «Bioinjeneriya va bioinformatika» qo‘shma ixtisoslik dasturini yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi. Bunda talabalar 3 yil Samarqandda, 2 yil Kaliningradda ta’lim olishadi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti BFU bilan mustahkam hamkorlikka ega. Xususan, 2022 yildan buyon SamDTUda katta ilmiy salohiyatga ega Boltiq federal universitetining vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Vakolatxona tibbiy maqsadlarda axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasida hamkorlikda tadqiqotlar olib borish platformasiga aylandi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasining Boltiq federal universitetiga tashrifi davom etmoqda.

O‘zA