O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Aholi tomonidan to‘lovlarni amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2023 yil 1 maydan boshlab: 

barcha turdagi davlat boji va ma’muriy jarimalar bo‘yicha to‘lovlar;

Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlariga to‘lovlar;

maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, qayta tayyorlov, malaka oshirish hamda sog‘liqni saqlash muassasalariga to‘lovlar;

kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar;

Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish bo‘yicha undiriladigan to‘lovlar;

“E-auksion” elektron savdo platformasi va “K-Savdo” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga to‘lovlar;

avia, temir yo‘l va boshqa jamoat transportlariga chiptalarni xarid qilishdagi to‘lovlar uchun vositachilik haqi (yig‘imlar) to‘lov shaklidan qat’i nazar to‘lovchi -jismoniy shaxsdan emas, balki to‘lov summasidan chegirib qolish yo‘li bilan undiriladi.

2023 yil 1 mayga qadar Toshkent shahrida huquqiy eksperiment tariqasida virtual kassa bilan qamrab olingan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan cheklangan limit va kunlik naqd pul tushumlari doirasida naqd pul yechish xizmati ko‘rsatish amaliyoti joriy etiladi.

Markaziy bank “HUMO” va “UZCARD” to‘lov tizimi integratsiyasini bosqichma-bosqich, ya’ni 2023 yil may oyiga qadar bankomatlar, 2023 yil yakuniga qadar to‘lov terminallari bo‘yicha oxiriga yetkazadi.

2023 yil 1 sentyabrga qadar hisob-kitoblar 24/7 rejimida onlayn tartibda ishlay boshlaydi.

                                                                                             O‘zA