O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi tomonidan “O‘zbekiston XDPning eng faol deputati” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” da amalga oshirishga oid Davlat dasturining partiya saylovoldi dasturiga taalluqli bandlari ijrosini ta’minlashda mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari ish samaradorligini oshirish, partiyaning saylovoldi dasturi ijrosini ta’minlashda barcha darajadagi deputatlik korpusi salohiyatidan foydalanish maqsadida tashkil etilgan tanlovning Qorakalpog‘iston Respublikasi bosqichi “Tashabbus va g‘oyalarimiz mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti uchun!” shiori ostida o‘tkazildi.

Tadbirda Qorakalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qorakalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari X.Yeshimbetov ishtirokchilarni qutladi.

Ma’lumki, deputatlar turli sohalarda faoliyat yurituvchi, tajribali, fidoyi, jamiyatda hurmat qozongan va obro‘-e’tiborga ega shaxslar orasidan saylanadi. Lekin ular deputatlik faoliyatini qanday olib borishlari bo‘yicha alohida o‘qitilmaydi, bu borada xalq noiblari hayot maktabida olgan bilimlariga tayanishadi. Bunday ko‘rik-tanlovlar esa deputatlarning o‘zaro tajriba almashishi, faoliyat samaradorligining oshishida muhim ahamiyat kasb etadi. Keyingi yillarda mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish va odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini bermoqda. Bu boradagi ishlar, avvalo, mahalliy Kengashlar deputatlarining bilim va ko‘nikmasi darajasini oshirish maqsadida seminar va o‘quvlar tashkil etishdan boshlanganini alohida ta’kidlash joiz.

Ishtirokchilar 3 ta, ya’ni, aholi muammosini hal etishning eng samarali yo‘li, siyosiy hozirjavoblik va erkin mavzu shartlari bo‘yicha o‘z bilim va tajribalarini namoyish qildi.

Hakamlar hay’atining baholash natijasi bo‘yicha 11-sonli “Ajiniyaz” saylov okrugidan xalq deputatlari Taxtako‘pir tuman Kengashi deputati Qabilbek Jaliyev birinchi o‘rinni egaladi. 29-sonli “Do‘stlik” saylov okrugidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorgi Kengesi deputati Sayyora Imamova ikkinchi, 23-sonli “Qirqqiz” saylov okrugidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorgi Kengesi deputati Aysha Matniyazova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Birinchi o‘rin sohibi Qabilbek Jaliyev tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadi.

G‘oliblar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA