Mamlakatimizda sifat infratuzilmasini xalqaro tamoyillar asosida rivojlantirish hamda ko‘rsatilayotgan metrologik xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan xalqaro va xorijiy metrologiya muassasalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Bu borada YevroOsiyo mintaqasi davlat metrologiya muassasalari hamkorligi (COOMET) bilan olib borilayotgan ijobiy ishlarni misol qilish mumkin.

Bugun poytaxtimizdagi O‘zbekiston milliy metrologiya institutida “COOMET” texnik qo‘mitasining “Sifat forumi” mavzusida navbatdagi 34-yig‘ilishi o‘tkazildi. Gibrid shaklda bo‘lib o‘tgan tadbirda xorijlik mutaxassislar va mahalliy soha vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda mazkur institutning etalonlar bazasi namoyishi, shuningdek, o‘lchash va kalibrlash imkoniyatlarini namoyish etish orqali mamlakatimizning o‘lchash natijalarini xalqaro darajada e’tirof etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, o‘tgan yil institut xodimlaridan 41 nafar mutaxassis yetakchi xorijiy institutlarning laboratoriyalarida, 126 nafar xodim esa o‘lchash yo‘nalishlari bo‘yicha milliy miqyosda va 50 nafar soha xizmatchilari davlat tilida ish yuritish masalalari bo‘yicha malaka oshirgan edilar.

O‘tkir Alimov, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA