Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashga mas’ul bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qo‘shma yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov ma’ruza qilib, yangilanayotgan Konstitutsiyani takomillashtirish jarayonlari xususida ma’lumot berdi:
– Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz loyihasini ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etdi. Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgan bo‘lsa, ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy oldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Jumladan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda. Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda.
Ya’ni, amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda. Shu bois, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning siyosiy-huquqiy ahamiyati, ko‘lami va hajmidan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi nomi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida» deb o‘zgartirildi. Aholidan kelib tushgan takliflarning qariyb 20 foizi, ya’ni 18 mingtasi aynan parlamentni isloh qilish bilan bog‘liqdir. Shundan kelib chiqib, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, xalq vakillik organi bo‘lmish parlamentning rolini va o‘rnini, mas’uliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, umuman mamlakatimizda parlamentarizm, xalq hokimiyatchiligini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator normalar loyihaga kiritilgan.
Parlament faoliyati bilan bog‘liq konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham qayta ko‘rib chiqildi. Bunda Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari hamda har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va mas’uliyat sohalari aniq belgilab berilmoqda. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatniki esa 14 tadan 18 taga ko‘paytirilmoqda, – dedi J.Shirinov.
Yig‘ilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining matni kuni kecha Prezidentimizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy sud rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ham atroflicha muhokama etilib, qo‘llab-quvvatlangani alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgan normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada samarali tashkil qilinishiga yordam beradi.
Yig‘ilishda so‘z olgan deputatlar, Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari yangilanayotgan Konstitutsiyamizning asosiy mohiyati haqida to‘xtalib, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘laqonli ta’minlanishiga xizmat qilishini alohida e’tirof etdi.
Qizg‘in fikr-mulohaza va takliflarga boy tarzda o‘tgan yig‘ilish yakunida «O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq mas’ul qo‘mitalarning xulosasi qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA