O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 4 mart 91 – F farmoyishiga ko‘ra, 2023 yilning 11 mart kuni “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.
Hashar mamlakatimizda Navro‘z umumxalx bayramini munosib nishonlash hamda muborak Ramazon oyini qarshi olishga tayyorgarlik ko‘rish, mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini obodonlashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini davom ettirish, sog‘lom turmush tarzi hamda sanitariya-gigiyenik madaniyatni targ‘ib qilish, shuningdek aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshiriladi.
Xayriya hashari doirasida bir qator xayrli tadbirlar amalga oshiriladi:
“Mahallamga 10 tup daraxt – mening tuhfam” shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda iqlim sharoitiga mos hamda sug‘orish tizimini hisobga olgan holda daraxt ko‘chatlari ekish;
aholi punktlarida qarovsiz qolgan hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, mazkur tadbirlarga aholining band bo‘lmagan qatlamini ixtiyoriylik asosida jalb qilish;
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir mahallada daraxtlarni parvarishlash ishlarini haq to‘lanadigan jamoat ishi ko‘rinishida tashkil qilish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish;
mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli turar joylar hamda hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish;
obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishtirokchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan ta’minlash;
obodonlashtirish ishlari o‘tkazilishi jarayonida to‘plangan chiqindilarni mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqilishini ta’minlash va hokazo.
Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki!..
O‘zA