3 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yalpi majlisning ikkinchi ish kuni senatorlar dastlab “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish hamda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga qaramasdan bugungi kunda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar salmog‘i ortib bormoqda.
Xususan, Bosh prokuratura tomonidan 2022 yil va joriy yilning o‘tgan davri yuzasidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha 433 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 368,1 milliard so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
Shuningdek, suv ta’minoti tarmoqlariga 1 624 ta noqonuniy ulanishlar aniqlanib, qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslardan 7 milliard 144 million so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar undirilgan.
Amaldagi Jinoyat kodeksida belgilangan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarining yetarli emasligi bunday jinoyat sodir etib, davlatga katta miqdorda zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan bugungi kunda tegishli choralar ko‘rish imkoniyatini bermayapti.
Shu sababli energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik, bu boradagi vakolatli organlarning ko‘rsatmalarini bajarmaganlik holatlari uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurati vujudga kelganligi alohida qayd etildi.
Mazkur qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etish bilan birga energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Xususan, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud ularni hisobga olish asboblari va plombalariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek, ushbu qilmishlarni kommunal xizmati tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari bilan til biriktirib, sodir etilgan jinoyat holatlari endilikda o‘g‘rilik jinoyati deb baholanishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga “tijorat maqsadi” tushunchasi kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarning muayyan faoliyatida foyda, daromad olish, naf ko‘rishga qaratilgan maqsad ekanligi belgilanmoqda.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi qonun bilan mustahkamlanmoqda.
Sohada davlat nazoratini to‘liq ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida O‘zenergoinspeksiya tomonidan berilgan yozma ko‘rsatma va taqdimnomalarni bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni ko‘rib chiqish vakolati sudlarga berilishi muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, senatorlar elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik holatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish masalalariga oid vakolatlar sudlardan O‘zenergoinspeksiya va uning hududiy boshqarmalariga o‘tkazilayotganligiga alohida e’tibor qaratishdi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan birga yalpi majlisda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holati haqidagi axboroti eshitildi.
Muhokama jarayonida senatorlar davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlari tufayli 2022 yilda O‘zbekiston xalqaro reyting va indekslarda, jumladan, qonun ustuvorligi, hukumat faoliyati samaradorligi, so‘z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishlarida o‘z o‘rnini yaxshilash borasida salmoqli yutuqlarga erishganini alohida ta’kidladi.
Yangi qabul qilingan Mehnat kodeksida mehnat munosabatlarini inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiq huquqiy tartibga solish asoslari takomillashtirildi.
BMT tuzilmalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda mamlakatimiz aholisi turmush darajasini oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligi, takomillashtirish yo‘nalishlari belgilab olindi.
2022 yilda paxtadan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi va savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarni birlashtiruvchi “Cotton Campaign” koalitsiyasi O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilganini e’tirof etdi hamda o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi.
O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish chora-tadbirlari doirasida Xalqaro mehnat tashkilotining “Qurilishda xavfsizlik va mehnat gigiyenasi to‘g‘risida”gi 167-sonli konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.
Shu bilan birga, senatorlar o‘z o‘rganishlari asosida inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni samarali qo‘llash bilan bog‘liq qator muammolarni belgilab berdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan 8 ta qonun loyihasi o‘z muddatida ishlab chiqilmayotgani senatorlarni tashvishga soldi.
BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini monitoring qilish natijasida senatorlar tomonidan ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun yetarli darajada moslashtirilmaganligi aniqlandi.
Har tomonlama muhokama chog‘ida Senatning tegishli qarori qabul qilinib, unda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish belgilab olindi.
Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 12 ta masala, shu jumladan, 9 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati