Joriy yilning 28 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, unga ko‘ra bu yilgi davlat dasturi tasdiqlandi.

Davlat dasturida aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadida “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.

Mazkur umummilliy harakat doirasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida bir qator vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Jumladan, aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida o‘z sog‘lig‘i va ovqatlanishini nazorat qilishni o‘rgatish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mobil ilova yaratish, bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talab va cheklovlarni kuchaytirish vazifalari belgilangan.

Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, telekanallarda bolalar oziq-ovqat mahsulotlari, energetiklar, turli dori vositalari va  biologik faol moddalarning muntazam reklama qilinishi aholi vakillari orasida bunday vositalarni mutaxassis maslahatisiz, o‘zicha olib iste’mol qilish holatlarini ko‘paytirmoqda. Bu kabi vositalar reklamasiga talab va cheklovlarning kuchaytirilishi esa turli vositalarni pala-partish iste’mol qilib, salomatlikka zarar yetkazilishining oldini oladi.

Qayd etish joizki, bu boradagi sa’y-harakatlar aholi qatlamlari orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi. Yurtdoshlarimizda o‘z  salomatligiga, to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga jiddiy e’tibor qaratish mas’uliyatini rivojlantiradi.

Muhtarama Komilova, O‘zA