Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay va Qonliko‘l tumanlari umumta’lim maktablarida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” otryadining 32 nafar a’zosiga ko‘krak nishoni topshirildi.
Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, tuman hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2022 yil 2 martdagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida barcha shahar va tumanlardagi umumta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari orasidan vatanparvar, eng intizomli va bilimli, tashabbuskor bo‘lgan yoshlar harakat a’zoligiga qabul qilinmoqda. Harbiy-vatanparvarlik harakati Mudofaa vazirligi huzurida tashkil etilgan bo‘lib yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qiladigan vatanparvar yoshlarni tarbiyalashdek muhim vazifani amalga oshiradi. Shuningdek, harakat a’zoligiga qabul qilingan faol o‘quvchilar oliy harbiy ta’lim muassasasiga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma hamda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ballni qo‘lga kiritadi.
Tantanali marosimda faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Shundan so‘ng, tumandagi 6 ta maktab o‘rtasida harbiy sport musobaqalari tashkil etilib, g‘olib va sovrindorlar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA