Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi tomonidan “Statistika ishlari dasturi doirasida 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar hisoboti” mavzuidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, Statistika agentligi o‘z faoliyatini “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonun va unga muvofiq ishlab chiqiladigan statistika dasturlari asosida tashkil etadi. Rasmiy statistika sohasida statistika kuzatuvlarini o‘tkazish, statistika ma’lumotlarini shakllantirish va tarqatish har yili milliy va xorijiy foydalanuvchilarning statistika ma’lumotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.
Tadbirda qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 fevraldagi 61-son qarori bilan tasdiqlangan 2022 yil uchun Statistika dasturiga muvofiq, jami 3 mingga yaqin statistika ishlari belgilangan muddatlarda bajarilgan. Shundan 1 ming 705 tasi statistika organlari tomonidan amalga oshirilgan.
Agentlik tomonidan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va balanslar, iqtisodiyot tarmoqlari ko‘rsatkichlari, ijtimoiy soha ko‘rsatkichlari va Korxona va tashkilotlar yagona davlat registri ko‘rsatkichlari yuqori darajada shakllantirilgan. Vazirlik va idoralar tomonidan statistika organlariga rasmiy statistikani tayyorlash uchun 445 ta ma’muriy ma’lumotlar taqdim etilgan hamda 817 ta statistika ishlari rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tayyorlangan.
–Agentlikning stat.uz rasmiy veb-sayti “Rasmiy statistika” bo‘limida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, milliy hisoblar, narx va indekslar, sanoat, qishloq xo‘jaligi, aholi turmush darajasi va boshqa qator statistika yo‘nalishlari bo‘yicha 400 ta statistika ma’lumotlari to‘plamlari e’lon qilindi, – dedi Statistika agentligi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov. – Foydalanuvchilar tomonidan rasmiy statistika ma’lumotlarini izlab topishda qulaylik yaratish maqsadida “Statistika” integrallashgan axborot tizimi negizida siat.stat.uz portali ishga tushirildi. Hozirgi kunda, mazkur portalda mingdan ortiq rasmiy statistik ko‘rsatkichlar 10 yillik dinamik qatorlarda, shuningdek, 30 yillik asosiy makroko‘rsatkichlar joylashtirildi.
Statistika agentligi tomonidan milliy hisoblar ko‘rsatkichlarini hisoblash uslubiyotlari “MHT-2008” xalqaro uslubiyoti qoidalariga to‘liq muvofiqlashtirildi.
Shuningdek, tadbirda ochiq ma’lumotlar portalini takomillashtirish, ma’lumotlar sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirishda erishilgan natijalar xususida ham ma’lumotlar berildi.
O‘zbekiston BMT tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni yoritib borish bo‘yicha 87 ta eng ilg‘or tajribaga ega davlatlar qatoriga kiritilgani qayd etildi.
Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev(surat), O‘zA.