FOTOREPORTAJ

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nufuzli xalqaro fan olimpiadalarda ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlar bilan o‘tkazilayotgan kuchaytirilgan o‘quv-mashg‘ulotlari jarayonlariga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.

Ta’kidlash joiz, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda yurtimiz yoshlarining xalqaro fan olimpiadalaridagi ishtirokini yuqori darajada tashkil etish maqsadida qator tadbirlar olib borilmoqda. Xususan, nufuzli xalqaro fan olimpiadalarda ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlar bilan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Ayni paytda ana shunday mashg‘ulotlar poytaxtimizda joylashgan Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda biologiya va kimyo fanlari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida informatika va axborot texnologiyalari fanlari, Toshkent viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida matematika va fizika fanlari bo‘yicha olib borilmoqda.

Joriy yilning 18-19 fevral kunlari Toshkent viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida matematika, fizika, biologiya, kimyo fanlaridan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda informatika va axborot texnologiyalari fanidan nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlarni saralashning II bosqichi o‘tkazilgan edi. Unda fizika, matematika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan saralash olimpiadasining I bosqichida yuqori o‘rinlarni egallagan hamda 2022-2023 o‘quv yilida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar ishtirok etdi.

Ushbu bosqichlarda saralangan jami 71 nafar o‘quvchi o‘quv mashg‘ulotlariga jalb etildi.

May oyida saralash olimpiadasining yakuniy – III bosqichi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu saralash natijalariga ko‘ra, yuqori natija ko‘rsatgan 23 nafar o‘quvchi joriy yilda o‘tkaziladigan qator nufuzli xalqaro fan olimpiadalarda qatnashadi.

O‘quv mashg‘ulotlarida xalqaro fan olimpiadalarda ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasiga nomzod o‘quvchilarga oliy ta’lim o‘qituvchilari hamda o‘tgan vaqt davomida xalqaro fan olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mutaxassislar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha bilim bermoqda.

Press-tur davomida jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

Kamola Yusupova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA.