Fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 27 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ixtiyoriy bepul yordam olishlariga (pro bono) ko‘maklashish uchun “Yuridik yordam” axborot tizimida advokatlik tuzilmalari va advokatlar foydalanishi uchun ochiq bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatlari bo‘limi yaratilishi belgilandi.

Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ixtiyoriy bepul yuridik yordam (pro bono) olish bo‘yicha murojaatlari “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritiladi, ixtiyoriy yordam ko‘rsatilishi uchun advokatlik tuzilmalari va advokatlar e’tiboriga yetkaziladi.

Ixtiyoriy bepul yuridik yordam ko‘rsatish istagida bo‘lgan advokatlik tuzilmalari hamda advokatlar uchun bunday yordam taklif qilishning texnik imkoniyati yaratiladi. Advokatlik tuzilmalari va advokatlardan ular ko‘rsatgan ixtiyoriy bepul yuridik yordam (pro bono) to‘g‘risida hisobot talab qilinmaydi.

O‘zA