Boku shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) katta loyiha direktori Ilka Starrost “O‘zbekistonda xususiy sektorga ko‘mak va iqtisodiy siyosatlar bo‘yicha maslahatlar” loyihasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi.

BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda loyihaning joriy holati va kelgusi rejalari ko‘rib chiqildi.

Vazirlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil dekabrda Dubayda o‘tkazilgan COP28 doirasida Germaniya tomonidan ushbu loyihani amalga oshirish uchun 9 million yevro grant ajratilgan.

Loyiha doirasida O‘zbekistonning xalqaro issiqxona gazlari savdosida ishtirokini ta’minlash va Yevropa Ittifoqining Transchegaraviy tartibga solish mexanizmi (CBAM) talablariga moslashuviga yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, xususiy sektorga resurslarni tejash va barqaror ishlab chiqarish uchun “yashil” texnologiyalarni tatbiq etish, aylanma iqtisodiyot va “yashil” sanoat parklari modellarini joriy qilishda ko‘mak beriladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur loyihaga qo‘shimcha ravishda Germaniyadan 3 million yevro miqdoridagi grant mablag‘ini ajratish to‘g‘risida memorandum imzoladi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA