O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zoligining 31 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Xalqaro hamkorlik haftaligi” boshlandi.

Aytish kerakki, o‘tgan qisqa davrda O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Zero, Birlashgan Millatlar Tashkilotining dunyo mamlakatlari barqaror taraqqiyotini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini birlashtirishni maqsad qilgan universal xalqaro tuzilma sifatidagi roli va mas’uliyati ortib bormoqda.

BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston 1992 yil 2 martdan buyon tenglik, hamkorlik, ko‘ptomonlamalik va xalqaro huquq prinsiplariga amal qilishini namoyish etayotir.

Shu bois “Xalqaro hamkorlik haftaligi” deb nom olgan mazkur haftalikdan ko‘zlangan maqsad 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida xalqaro tuzilmalar bilan amaliy muloqotni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlik va amaliy sheriklikni kengaytirish  bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar amalga oshirilishiga ko‘maklashish, BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari, jumladan, YUNESKO, YUNISEFning vakolatxonalari bilan hamda O‘zbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkiloti xalq diplomatiyasi markazi bilan ijtimoiy-madaniy sohalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Tadbirda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyati, mamlakatimiz va BMT o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotgani xususida so‘z yuritildi.

Shu bilan birga, BMT taraqqiyot dasturi, YUNESKO va YUNISEF bilan ijtimoiy-madaniy, ilmiy va ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asoslarni yaratish kabi masalalar muhokama etildi.

Darhaqiqat, O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi so‘nggi besh yilda mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi, 2020 yil 25 sentyabrda videokonferensiya shaklida tashkil etilgan 75-yubiley sessiyasi, shuningdek, 2021 yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida onlayn formatda va Bosh Assambleyaning 76-sessiyasida ma’ruza qildi.

Ularda O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalarga taalluqli tashabbuslar bilan chiqdi.

Uchrashuv davomida talabalar BMT va uning faoliyati, turli loyihalari, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.

Haftalik davom etmoqda.

O‘zA