Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida «Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar tashkil etilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

«Mamlakatimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional asoslarini tubdan takomillashtirish, bolalar orasida nazoratsizlik va ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish, nogironligi bo‘lgan bolalarni va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi deputat Tursunoy Murodova. — Mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli huquqiy baza ham shakllangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila, Fuqarolik, Mehnat va Jinoyat kodekslari hamda boshqa bir qator qonun hujjatlarida bolalar huquqlarini himoya qilishga oid normalar o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi faoliyati isloh etilib, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya etib qayta tashkil etildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mazkur komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlovchi o‘zgartishlar kiritish zaruriyati yuzaga keldi. Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan «Prokuratura to‘g‘risida»gi, «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunlarga hamda Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik, Oila, Mehnat kodekslariga o‘zgartishlar kiritilib, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining nomi «Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya» deb o‘zgartirilmoqda. Shuningdek, uning vakolatlariga oid o‘zgartishlar aks ettirilmoqda.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar mamlakatimizda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni doimo qo‘llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilishga e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar.

Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA