2022 yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 75 mingdan ortiq shaxsga nisbatan jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, shundan qariyb 22 ming nafarini yoshlar tashkil etgan.
Yoshlardan 1 ming 773 nafari esa voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan. Ko‘ryapsizsmi, hali kattalarning qaramog‘ida bo‘lgan, ular uchun biz bevosita javobgar bo‘lgan bolalar jinoyatga qo‘l urmoqda.
Bolalar – kelajagimiz, ertangi kunni bunyod etuvchilar, degan gaplar ko‘p tilga olinadi. Lekin ulardan ayrimlarining hali o‘smirligida giyohvandlik vositalari, psixotrop vositalar savdosiga qo‘l o‘rishi, o‘g‘rilik, qotillik sodir etishi aqlga sig‘maydi.
Toshkent viloyatida joylashgan voyaga yetmagan shaxslar saqlanadigan koloniyada aynan yuqoridagi jinoyatlarni sodir etib, jazoga tortilganlar bor.
Gohida voyaga yetmagan shaxslarni “hali bolada”, deymiz. Lekin bolaning shafqatsizligi, vahshiy ishlar qilishdan qo‘rqmasligi, hayiqmasligi kishini o‘yga toldiradi.
Ayrimlar bolani muammolariga aralashtirib yuborayotgani uchun ham ularning diydasi qotib ketyapdimikin? Bolaligini unutib, tirikchilik tashvishini bo‘yniga olgan bolalar emasmi, shafqatsiz bo‘lib borayotgan?
Koloniyada odam o‘ldirish jinoyati bilan bilan ozodlikdan mahrum etilgan, endigina 18 yoshga kirayotgan O. ismli yigitcha bilan suhbatlashdik.
Uning aynan shu jinoyat bilan sudlanib, 14 yilga qamalganini koloniya rahbariyati bizga ma’lum qildi. U bilan suhbatimiz, tabiiyki, shu mavzudan boshlandi.
Gaplaridan bu bola do‘stlari bilan mashinada yuk olib ketayotib, haydovchi bilan kelishmay qolishgan. Gap tashalashish yoqalashuvga borib yetgan. O. uch nafar o‘rtog‘i bilan 1994 yilda tug‘ilgan haydovchini urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Voqea 2021 yil iyul oyida sodir bo‘lgan. Burni, jag‘i singan haydovchini to‘rt yigitdan biri mashinaga solib, mahallasiga eltib tashlagan.
Eng yomoni, tan jarohati olib qonga belangan, hushini yo‘qotgan insonga ular rahm qilmagan. Chunki tez tibbiy yordam chaqirish yoki uni shifoxonaga olib borishni o‘ylab ham ko‘rishmagan.
Haydovchi olgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan. 27 yoshli navqiron bir yigit shu tariqa yorug‘ olamni tark etdi.
Uning ortidan onasi, turmush o‘rtog‘i va ikki nafar voyaga yetmagan farzandi va boshqa yaqinlari chirqirab qolgan.
O.ni yarim kechasi ichki ishlari organi xodimlari uyiga qidirib kelganida, u qanday mudhish ishga qo‘l urganini angladi.
Qilmish-qidirmish, deganlariday u qotillik ishi bo‘yicha tergovga tortildi. Sudda qonun oldida javob berdi. O. va uning yana bir sherigi voyaga yetmagani inobatga olinib, ularning har biri 14 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Qolgan ikki nafarining biri 19, ikkinchisi 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
– Tergov hibsxonasida ekanimda eshitdim – uning bir o‘g‘li va bir qizi bor ekan, – deydi suhbatdoshim. – Uning nafaqat o‘ziga, balki farzandlariga katta shafqatsizlik qilibmiz…
Mahkum ko‘zlariga yosh olib, o‘z ota-onasini esladi.
Ular o‘g‘limiz voyaga yetdi, deb endigina suyuna boshlaganda, “qotilning ota-onasi” degan tuban bir tamg‘a peshonasiga urildi.
– Qamoqda, ota-onamdan uzoqda ekanligim uchun shunchalar siqilaman, bir kun kelib bu yerdan chiqishimni, ota-onamning bag‘riga borishimni bilsam ham baribir ezilaman. Marhumning farzandlariga qanchalik og‘ir bo‘lganini chuqur his qilyapman. Afsusdaman… Ammo bu to‘g‘rilash imkonsiz bo‘lgan azobli iztirob, – deydi u.
Kech bo‘lsada ko‘zlari ochilgan yigitcha hammada kuch, tabiat ato qilgan aql borligini, ammo ularni o‘z o‘rnida ishlatish kerakligini ta’kidlaydi. Inson o‘zi bilan o‘zi kurashishi, ya’ni nafs, jahlning quliga aylanmay, uni yenga olishi kerakligini anglaganini bot-bot takrorlaydi.
– Tengdoshlarimga bunday qilmishlar sodir etish xato ekanini aytgan bo‘lardim, – deydi mahkum.
Xulosa o‘rnida aytmoqimizki, bola biri nihol kabi. Shamol qay tomonga essa o‘sha tomonga egiladi. Qachonki, uni to‘liq muhofaza etsangizgina yomonlik girdobiga tushmaydi. Farzandni “hali bolada” demay oq va qorani, yaxshilik va yomonlikni erinmay o‘rgatish, ayniqsa, yomon ishlarning oqibatini tushuntirish zarur. Shunda farzandlar yuqoridagi kabi vaziyat qurboni bo‘lmaydi.
Norgul Abduraimova, O‘zA