Senat yalpi majlisi oldidan qo‘mitalar majlislari bo‘lib o‘tmoqda. Senatorlar, mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirlarda yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan masalalar, qonunlar dastlabki tarzda muhokama etilmoqda.

Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida keyingi paytda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari ko‘payib borayotgani qayd etildi.

Bu jarayonda tibbiyot xodimlarini bemorlarning sog‘lig‘i yomonlashishida yoki o‘limida asossiz ravishda ayblash, shuningdek, hech bir sababsiz shifokorlarga va o‘rta tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holatlari yuz bermoqda.

Shu bois “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli  moddasida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimi faoliyatiga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganligi bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi ishlarni ko‘rib chiqishi belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilishga va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini  olishga xizmat qiladi.

Senatorlar pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish holatlari davom etayotganiga e’tibor qaratdi. Jumladan, pedagog xodimlar hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va masalalarni hal etish uchun tuzilgan ko‘plab ishchi guruhlar tarkibiga asossiz kiritilayotgani, ulardan turli hisobot va ma’lumotlar talab etib kelinayotganligi qayd etildi.

“Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda.

Unga asosan pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik, shuningdek, ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish yoki qonunga xilof ravishda aralashish, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Kodeksdagi sanksiyalar fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun ta’lim tashkilotining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zA