AOKAda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ishtirokida brifing o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 7 fevraldagi qarori bilan ikkita muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Qayd etilishicha, 15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tomonidan ushbu qaror ijrosini ta’minlash doirasida – 2023 yil 20-28 fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi”ni o‘tkazish bo‘yicha Dastur tasdiqlandi.
Dastur 22 ta banddan iborat. Inson huquqlari haftaligi doirasida, jumladan, brifing, matbuot anjumani va davra suhbatlari, turli tanlov va taqdimotlar, mutaxassislar bilan uchrashuvlar, ekspertlar muloqoti va ilmiy-amaliy konferensiyalar, o‘quv kurslari va kitoblar taqdimotini o‘tkazish belgilangan.
Inson huquqlari haftaligi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Tadbirlar mamlakatimizning butun hududida – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlarda bo‘lib o‘tadi.
Xususan, 2022 yil bo‘yicha “Inson huquqlari sohasida ta’lim va tadqiqotlar” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi. Bu tadbir xalqaro hamkorlarimiz – Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasi bilan birgalikda tashkil etiladi.
O‘z navbatida, “Inson huquqlari bolalar nigohida” Respublika tanloviga start beriladi. Mazkur tanlov “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi bilan birga “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Yurtimizning barcha turdagi ta’lim muassasalarida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” mavzusida ma’rifiy anjumanlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Mahallalarda esa “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida “Prokuror va yoshlar”, “Ombudsman va yoshlar”, “Sudya va yoshlar”, “Adliya rahbari va yoshlar” kabi turli uchrashuvlar o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.
Haftalik davomida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlariga inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar taqdim etiladi.
Inson huquqlari haftaligi 27 fevral – 2 mart kunlari Jenevada bo‘lib o‘tadigan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi tadbirlariga tutashib ketadi. Ushbu sessiya doirasida bo‘lib o‘tadigan Yuqori darajadagi segment ishida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etadi.
O‘zA