Mamlakatimizda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mutasaddilarning aytishicha, global iqlim o‘zgarishi, aholi soni va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi, ularning suvga bo‘lgan talabi yil sayin oshib borishi tufayli suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga ortmoqda. Shuning uchun mamlakatimizda so‘ngi yillarda suv xo‘jaligi sohasiga, xususan suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalariga oid bir necha farmon va qarorlar qabul qilindi

Nukusda  Prezidentimizning 2020 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash  to‘g‘risisda” gi farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” da belgilangan vazifalarga bag‘ishlangan sayyor o‘quv  kurslari hamda ko‘rgazmali seminarda shular haqida so‘z bordi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar, suv xo‘jaligi xodimlari ishtirok etgan tadbirda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning afzalligi, ularni o‘rnatuvchi pudrat korxonalari hamda “Tomchi-reyestr” yagona elektron reyestri va “Agrosubsidiya” yagona axborot tizimidan foydalanish tartiblari bo‘yicha  batafsil ma’lumot berildi. Yuqorida qayd etilgan “Yo‘l xaritasi” da sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash ko‘lamini kengaytirish yuzasidan bir qator  vazifalar belgilangan.  Olimlar va mas’ul xodimlarning taqdimotlaridan so‘ng o‘quv-seminar ochiq-muloqot tarzida davom etdi. Unda suv  tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan klaster va fermer xo‘jaliklari, hududlardagi suvchilar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va o‘rnatish, hosildorlikni oshirish bilan bog‘liq tadbirlar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Orolbo‘yida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan suv iste’molchilariga qo‘shimcha imtiyozlar berilgan. Ya’ni davlat tomonidan ajratiladigan subsidiya miqdori o‘tgan yildan boshlab oshirildi. Tadbirda klaster va fermer xo‘jaliklariga bu boradagi imtiyoz va imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha sayyor o‘quv va ko‘rgazmali seminar Beruniy tumanida ham o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘istonning janubiy tumanlaridagi klaster va fermerlarga mavzu yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.


Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA