Fuqarolardan kelgan kadastrga oid savollarga Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne’mat Atamuratov javob berdi.
– Men yashab turgan uy bobomning nomida. Bobom vafot etganlar. Uyni qanday qilib o‘z nomimga rasmiylashtirsam bo‘ladi?
– Agarda uy-joy vafot etgan fuqaroning nomida bo‘lsa, ularning nomida kadastr hujjati tayyorlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak. Yuqoridagi hujjatlar mavjud bo‘lsa, barcha merosxo‘rlar bilan birgalikda notarial idoraga boriladi. Notaril tartibda barcha merosxo‘rlar uyni kimning nomiga o‘tkazilishiga rozilik berishsa, notarius meros ishi ochiladi va merosxo‘rlar rozilik bergan shaxsning nomiga meros guvohnomasi rasmiylashtiriladi.
Shundan so‘ng, notarius meros guvoxnomasini axborot tizimi orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr yuboradi yoki fuqaroning o‘zi davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi va kadastr pasportini shakllantirib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan vaqtdan boshlab uy-joy shu fuqaroning nomida bo‘ladi.
Ushbu tartib Vazilar Mahkamasining 2018 yildagi 1060-son, 2020 yildagi 535-son hamda 2021 yildagi 389-sonli qarorlarida belgilab qo‘yilgan.
– Men “E-auksion”dan Dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun 1 gektar yer yutib oldim. 30 yil muddatga berishdi. Ma’lum vaqtdan keyin shu yerning 6 sotix qismiga qurilish qilsam bo‘ladimi?
– Dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun ajratilgan yerlarga uy-joy va bino-inshootlar qurish qat’iyan taqiqlanadi. Bunday harakatlar Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA